Turkiyadagi mebel do‘konidan O‘zbekiston fuqarosining jasadi topildi

Mamlakatimizning Istanbul shahridagi (Turkiya) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvar kuni Izmir shahridagi mebel do‘konlaridan birida u yerda ishlovchi O‘zbekiston fuqarosi A.A.ning jasadi topilgan. Mazkur holat yuzasidan tergov tadbirlari olib borilmoqda.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va hamyurtimizning jasadini dafn etish uchun vatanga yuborishda A.A.ning qarindoshlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarda yordam berishga tayyor.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etib, Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75.