Turkiyaliklar Registonda ko‘rsatuv tayyorlayapti

Shu kunlarda Registon maydonida Turkiyaning "TRT Avaz" telekanali ijodkorlari tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan turkum ko‘rsatuvlar tayyorlanyapti.

Bu yerda 50 nafar texnik va ijodiy xodim ish olib boryapti. Turkiyalik ijodkorlarga O‘zbekiston telekanali operator va chiroq ustalari yaqindan yordam beryapti.

Bu loyiha "TRT Avaz" telekanali hamda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirilyapti.

- Ramazon tuhfasi rukni ostida tasvirga olinayotgan turkum ko‘rsatuvlar tomoshabinga, avvalo, ma’naviy ozuqa beradi, - deydi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassisi Zokir Asrorov. – Shu bilan birga, Samarqand turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Bu yerga kelgan turkiyalik ijodkorlar va ko‘rsatuvda suhbatdosh sifatida ishtirok etayotgan mehmonlar kechki payt tasvirga olish jarayonlarida ishtirok etayotgan bo‘lsa, kunduzi Samarqandning tarixiy obidalarni ziyorat qilyapti. Bir obida haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish uchun soatlab qolib ketyapti. Shuningdek, kechagina Ozarbayjondan bir guruh mehmonlar kelib, tasvirga olish jarayonlarini kuzatib turib, ikki kun avval ushbu ko‘rsatuvni o‘z vatanida tomosha qilganini aytdi.

Registon maydonida tayyorlanayotgan ko‘rsatuv 56 ta davlatda namoyish etilayotgani tahsinga sazovor.

- Biz hozir Turkiston diyoridamiz, ajdodlarimiz yurtidamiz. Hozirda Xo‘ja Ahmad Yassaviy hazratlarining hikmatlarini o‘rganmoqdamiz, - deydi ko‘rsatuv boshlovchisi Burak Yayli. – Ko‘rsatuvni Samarqandda tasvirga olishimiz bejiz emas. Registon maydoni, Ulug‘bek, Tillakori, Sherdor madrasalarining tungi ko‘rinishi - ajoyib muhit. Bu jarayon biz uchun juda hayajonli. “Ramazoni sharif” dasturini ilk bor shu zaminda, shu go‘zal muhitda tayyorlab, efirga uzatishni xohladik. Umid qilamizki, bu tomoshabinlar uchun dardga davo, qalblarga shifo, ko‘ngillarga xushnudlik olib keladi.

Ko‘rsatuv tasvirga olinishi 17 fevralda boshlangan bo‘lib, 15 martga qadar davom etadi. Dastur kunning kechki qismida soat 20:00 dan 23:00 ga qadar tayyorlanyapti. Har kuni ikkita 50 daqiqalik ko‘rsatuv yozib olinyapti va ertasi kuni iftorlik vaqtida efirga uzatilyapti.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov,

Bobur Bahodirov.