Turkiyaning noyob xazinasi
Agar Turkiyaga yo‘lingiz tushib, Egey dengizidan O‘rta yer dengizigacha cho‘zilgan g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘ylab yursangiz, afsonalarga hayot bag‘ishlovchi qadimiy xazinalarga duch kelishingiz mumkin.
Egey va O‘rta yer dengizining billur moviy suvlari bo‘ylab cho‘zilgan bu mintaqa, shuningdek, sizga O‘rta yer dengizi parhezining asosiy qismi bo‘lgan mintaqaning o‘ziga xos oshxona an’analaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Afsona bag‘rida: Troya
Bu shahar YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Chanoqqal’adagi Kaz tog‘lari etagida joylashgan Troya to‘qqiz xil shahar qatlamiga ega ko‘plab tarixiy aholi punktlari va sivilizatsiyalarning vatani bo‘lgan. Troya Gomerning qadimiy Iliada dostonida Troya urushi sodir bo‘lgan shahar bo‘lib, Yevropa Kengashi tomonidan ro‘yxatga olingan yagona madaniy yo‘l bo‘lgan Ayeneasning birinchi bekati hisoblanadi.
Troya muzeyi shahar o‘tmishidan so‘zlovchi manba. U Troya tarixi va madaniyatini mintaqada qazilgan artefaktlar va boshqa topilmalarning aniq va keng qamrovli namoyishi orqali yoritib beradi.
Ajoyib port shahri: Efes
Turkiyaning Egey mintaqasidagi yana bir mashhur qadimiy shahar 2015 yilda YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Efesdir. Tarixdan oldingi davrdan Usmonlilar davrigacha qariyb 9 ming yil davomida uzluksiz yashab kelgan Efes o‘zining gullagan davrida dunyoning eng yirik port shaharlaridan biri bo‘lgan va hozirda dunyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan arxeologik obidalar qatorida.
Qadimgi shahardagi binolar orasida Sels kutubxonasi va Turkiyadagi eng yirik, 30 mingtomoshabinga mo‘ljallangan yirik teatr, qadimgi dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri bo‘lgan Artemida ibodatxonasi xarobalari, Mazayeus va Mitridatlar darvozasi, Xadrian ibodatxonasi va terasli uylar.
Vahiy kitobida aytib o‘tilganidek, Kichik Osiyodagi Rim viloyatidagi yetti cherkovdan biri bo‘lgan Efes va uning atrofidagi cherkovlar ilk nasroniylik davriga oid noyob artefaktlardir. Bu hududdagi eng muhim muqaddas joylar qatoriga Bokira Maryamning uyi, Avliyo Ioanning bazilikasi va “Yetti uxlab yotgan g‘or” kiradi.
O‘lmas shifo markazi: Hiyerapolis
Denizlidagi Pamukkale travertinlariga ulashgan Hiyerapolis qadimgi davrlarda muhim shifo va salomatlik markazi bo‘lgan. Qadimgi shahar Pergamning afsonaviy asoschisi Telefosning rafiqasi Hiyera xotirasiga Hiyerapolis nomini oldi. Hiyerapolisning eng hayratlanarli inshootlari Rim vannalari va qadimgi teatrdir.
Bundan tashqari, shaharning ustunlar va marmardan yasalgan qadimiy hovuzi ko‘pincha mehmonlar uchun ochiq bo‘lib, hovuzning iliq (36 daraja) suvida cho‘milish mumkin. Aytishlariga qaraganda, Misr qirolichasi Kleopatra ham shu suvdan bahramand bo‘lgan. Muhimi, shifobaxsh hovuzlardagi suvlar tinchlantiruvchi va sokinlashtiruvchi xususiyatga ega.
Ajoyib akustikaga ega qadimiy xazina: Aspendos
Dunyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy teatrlardan biri O‘rta yer dengizi mintaqasida Antaliyaning Serik tumanida joylashgan Aspendosda joylashgan. Ko‘plab afsonalarni ilhomlantirgan shaharning ko‘p qavatli teatrining o‘ziga xos xususiyati uning ajoyib akustikasidir. Bu mohirlik bilan ishlab chiqilgan akustika vaqt sinovidan o‘tgan va bugungi kunda konsert va shoularga mezbonlik qilishda davom etmoqda.
Aspendos akveduklari shahardagi yana bir ajoyib inshoot bo‘lib, saqlanib qolgan qadimiy suv yo‘lining eng yaxshi namunalaridan biridir.
Darvoqe, 13-30 sentyabr kunlari 31-Xalqaro Aspendos opera va balet festivali bo‘lib o‘tadi. Ajoyib akustikasi bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan Aspendos teatrida dunyoning eng sara spektakllari namoyish etiladi.
Zilola tayyorladi.