Turmush qurish oson, uni saqlash — san’at
Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida ajrimlar sonining oshib borayotgani jamiyat uchun katta xavotirga aylanmoqda. Bu muammo nafaqat oilaviy baxtga, balki kelajak avlodning ruhiy va ijtimoiy taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Turli sabablarga ko‘ra ajrashib ketayotganlar — singlimiz, ukamiz, qadrdonimiz, yo otasiz, yo onasiz qolgan go‘daklar esa — nabiramiz, jiyanimiz, jigarimiz bo‘lishi mumkin-ku. Bu masala har bir fuqaroni o‘ylantirishi kerak. Har bir ajrim — bir uyda so‘ngan chiroq, bir bolaning boshi uzra yomg‘ir, bir juft qalbda qolgan alam demakdir.
Biz faoliyat yuritadigan Samarqand davlat chet tillar institutida talabalarning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning orasida esa, albatta, erta turmush qurayotganlar ham uchrab turadi. Ilk bosqichlarda o‘qib yurgan kezlari turmushga chiqqan qizlar erta oila qurishning oqibatlarini keyinchalik o‘zlari his qiladi.
Bundan 3 yil avval, bir talaba yonimga kelib, dardini aytib qoldi. O‘shanda hali 4-bosqich talabasi bo‘lsa-da, 2 nafar farzandning onasi bo‘lgan. Kuyovni ham tanirdim. Aqlligina yigit edi.
— Domla, bergan vazifalaringizni bajarolmadim, — dedi u. — Oilamda muammolar tiqilib qoldi. Turmush o‘rtog‘im deyarli har kuni spirtli ichimlik iste’mol qilib, uyda janjal qilishidan bezor bo‘ldim. Qaynonam ham oramizga tushib, meni uyidan ketishga majbur qilyapti. Ikki bola ham qo‘rqoq bo‘lib ulg‘ayayapti. Ajrashmoqchiman. Ariza berdim.
— Turmush qurish oson, uni saqlash — san’at, — dedim ustoz sifatida maslahat bergim kelib. — Ikki farzandingizning otasiz qolishi yaxshimas. Ularning kelajagi uchun ham oilani saqlab qolishda san’atingizni ko‘rsatishingiz kerak.
U ajrashish qarorida qat’iy turib olgandi. Maslahatlarim foyda bermasligini bilib, bir psixolog dugonam bilan tanishtirib qo‘ydim. Ikkalasi nimalarni gaplashganini bilmadim-u, ammo o‘sha talaba institutni muvaffaqiyatli tamomlab, magistraturani Toshkentda o‘qidi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ko‘rib qoldim, video joylagan ekan. Unda o‘sha kuyov hamda 2 farzandi bilan baxtli oila bo‘lib, xorijda sayohat qilib yurgani aks etgan. Bu holat menga sovuq kunda porlagan bir quyoshdek huzur bag‘ishladi.
Istaymanki, ajrimlar emas, saqlanib qolgan oilalar soni ortib borsin. Chunki har bir saqlanib qolgan oila — bu Vatanni saqlab qolishning boshlang‘ich nuqtasidir.
Shahlo Shomurodova.