Tushkunlikka yo‘l berma zinhor, ezgu ishlar boqiy begumon!

Otam Ziyodulla Nurmatov bahorni yaxshi ko‘rardi, go‘zallikni sevardi. Bahor gullariga qarab zavqlanardi. Umuman, tabiatning har bir mo‘’jizasidan hayratga tushardi. Har yili bahor kelishi bilan tabiat qo‘yniga oshiqar, uning bag‘rida ko‘proq bo‘lishni istardi.

Mana, yana bahor keldi. Ammo taqdir ekan, otam bu yilgi bahorni ko‘ra olmadi...

Ziyodulla Nurmatovning “Mangulikning ibtidosi armondir” nomli kitobini o‘qir ekanman, armonning naqadar dard ekanligini endi tushunganday bo‘lyapman. Armonsiz kishi dunyoda bo‘lmasligi va buyuklikka yetish ham faqat armon bilan ekanligini o‘zimda his etyapman.

Otam yangi kitoblarini chiqarish niyatida yurgandi. Afsuski, bu ham armon bo‘lib qoldi. Bu kitob qariyb nashriyotga tayyor edi. Negadir, dadam bu kitobni chiqarishni orqaga suraverdi. Yana nimalardir qo‘shishni reja qilganmidi yoki yana boshqa bir maqsadlari bormidi, bilmadik. Kitobni  yaqin kunlarda chiqaramiz, deb turganlarida, oddiy shamollash tufayli  yotib qoldilar...

Oradan besh oy o‘tar o‘tmas otamning yo‘qligiga chiday olmagan onam ham olamdan o‘tdi. Hali og‘riqli yaramiz bitib ulgurmasdan yana bir ayriliq oboshdan o‘tkazdik. Ota-onam shunchalik bir-biriga mehr rishtalari bilan bog‘langan ekan...

Taqdir ana shunday kutilmagan sinovlari, kutilmagan ayriliqlari bilan insonni sinar ekan.

Ijod namunalarini o‘qir ekanman, otamning maqsadi insonlarni ezgulikka, yaxshilikka chaqirish bo‘lganligiga amin bo‘ldim. Har doim yaxshilik qiling, deb bizga ham ham ko‘p nasihatlar qilardi:

Qolib ketar eng yaqin do‘stlar,
Qolib ketar eng yaxshi kitob.
Achinasan, ammo chora yo‘q,
So‘nggi onlar qilsa gar xitob.

Qolib ketar tip tiniq osmon
Tunlar maftun boqqan yulduzlar.
Sirlarini aytib mehribon,
Mayus mungli boqquvchi ko‘zlar.

Qolib ketar uying, go‘zal yor
Va yoqimli qo‘shiqlaring ham.
Qolib ketar farzand va diyor,
Lek keta bil mag‘rur xotirjam.

Mayli qolsin raqiblar hissiz,
Razolatning jonkuyarlari.
Orzularku ko‘p edi essiz
Bitmagan ish ko‘p edi hali.

Inon, qolar yaxshilar ham bor,
Ezgulik deb kuydirguchi jon.
Tushkunlikka yo‘l berma zinhor,
Ezgu ishlar boqiy begumon!

Ana shu kabi ijod namunalari bitilgan otamning “Armon” deb nomlangan kitobini Toshkentdagi nashriyotlardan biriga chop etish uchun berdik. Xudo xohlasa ushbu kitob ham tez kunlarda muxlislar qo‘liga tegadi.

Hulkar NURMATOVA,

jurnalist.