“U bu yerda yashamaydi”: Mana shunday xat bilan boshlangan mojaro bir ayolning o‘z uyidan haydalishi bilan tugagan Endi u uyini qaytarish uchun xorijda ishlamoqda
Endi u uyini qaytarish uchun xorijda ishlamoqda
Tahririyatimizga Samarqand shahri Kaftarxona mahallasida istiqomat qilgan fuqaro G.Sharipovadan shikoyat xati keldi. Unda yozilishicha, fuqaro va uning 12 nafar oila a’zosi mahalla faollarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari sababli uysiz qolgan. Uch yildan buyon davom etayotgan mazkur uy-joy nizosiga esa mahalla raisining “spravka”si sabab bo‘lgan. Murojaatchi bilan bog‘lanib, vaziyatni oydinlashtirishga harakat qildik.
G.Sharipovaning ma’lum qilishicha, u 1979 yilda Kaftarxona mahallasining Uychi ko‘chasidagi 15-uyga kelin bo‘lib tushgan. Bir necha yil oldin eri T.B. bilan qonuniy ajrashgan bo‘lsa-da, mana shu mojarolar boshlanguniga qadar shu uyda yashab kelgan. Biroq ajrimdan so‘ng sobiq turmush o‘rtog‘i uni uyga bo‘lgan huquqdan to‘liq mahrum qilish harakatiga tushgan. Ayni maqsadda u mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilib, G.Sharipovani “propiska”dan chiqarishni so‘ragan.
Masalaning “qiziq” jihati ana shunda boshlanadi. Ya’ni, mahalla tomonidan talab qilingan joylarga 2020-2021 yillarda oltita olti xil mazmundagi ma’lumotnoma berilgan. Jumladan, 2020 yilning 22 yanvaridagi dalolatnomada mahalla faollari mazkur uyda 6-21 yanvar kunlari olib borgan nazorat “tadbiri”ga asoslanib, G.Sharipovani bu uyda yashamaydi, deb qayd etishgan. Asos sifatida o‘sha kuni ular borganida fuqaroning uyda bo‘lmaganligi keltirilgan. Na fuqaro G.Sharipovaning o‘zi bilan bog‘lanilgan va na qo‘ni-qo‘shnilar bilan gaplashib, holatga aniqlik kiritilgan. Mahalla faollarining bu tartibda dalolatnoma tuzishiga nima sabab bo‘lgani esa haligacha ochiq masala.
Afsuski, masalaning bu jihati o‘sha vaqtda hech kimni qiziqtirmagan. Oqibatda “xom” hujjat bilan sudga murojaat qilgan T.B. sobiq turmush o‘rtog‘ining uy-joydan foydalish huquqini bekor qilishga erishgan va fursatni boy bermay, shu yilning o‘zida uyning bir qismini sotib yuborib, qolgan qismining yarmini (murojaatchining so‘zlariga qaraganda) ikkinchi oilasining vakili bo‘lgan o‘g‘liga meros qilib qoldirgan.
Hujjatlarni o‘rganar ekansiz, haqiqatdan ham mahalla faollari tomonidan tuzilgan keyingi dalolatnomalar birinchisini inkor etishini ko‘rasiz. Xususan, 2021 yilning 12 avgustida tuzilgan dalolatnomada G.Sharipova “goho o‘ziga tegishli boshqa uyda, goho ushbu xonadonda yashab kelmoqda”, keyingilarida “...hech qanday ro‘yxatda turmasdan yashab kelmoqda”, deya qayd etilgan. Shu vaqtgacha “yashamagan” inson (mahallaning birinchi dalolatnomasida shunday ko‘rsatilgan) endi, keyingi xatlarda “yashay boshlagan”.
Biz murojaatchidan nomida yana uy-joy bor-yo‘qligini surushtirdik. U uyi yo‘qligini, vaqti-vaqti bilan qizining uyida mehmon bo‘lib kelishini ma’lum qildi. Xullas, bu og‘zaki ko‘rsatmalarga asoslangan ma’lumot bo‘lib chiqyapti. “Boshqa uyi bor”, degan gap (yana qarshi tomonning gapi) sudda ham inobatga olingan. Xo‘p, er-xotin ajrashgan ekan, ularning umumiy farzandlari bor-ku. Bunday nizoli vaziyatda ularning huquqi ham aftidan inobatda olinmagan.
G.Sharipova uchun kulfatlar shu bilan tugamaydi. 2021 yilda uning sobiq turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tadi. Ko‘p o‘tmay, uyning bir qismini sotib olgan fuqaro ham sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, G.Sharipovani uydan majburiy tartibda chiqarishga erishadi. Tabiiyki yangi xaridorning 42 yil shu yerda yashab kelgan ayolning taqdiri bilan ishi yo‘q?
E’tiborimizni tortgani, murojaatchining yaqin qo‘shnilari hatto, u eri bilan ajrashganligini ham bilishmas ekan. Ular muammoni hal etishi lozim bo‘lgan tashkilotlarga bergan tushuntirish xatida G.Sharipova 1979 yildan buyon shu uyda yashab, qaynonasiga qarab kelganini, uydagi barcha qurilish, ta’mirlash ishlarida bosh-qosh bo‘lganini, to‘y-marakalarda birga bo‘lganliklarini ta’kidlab, ko‘rsatma bergan. Ammo afsuski, ularning ko‘rsatmalari ish ko‘rilishida ahamiyat kasb etmagan.
Yana bir jihat, Kaftarxona mahallasi faollari tomonidan G.Sharipovaning bu uyda turmasligi, yoxud boshqa ma’lumotnomalarda “bu uyda ro‘yxatda turmasligi” aytilgan dedik. Ammo uning ro‘yxatdan chiqarilishiga ham, uysiz qolishiga ham ularning o‘zi sababchi emasmi? Mahallaning raisi T.I. esa o‘z ishini “mening xatim Sharipovani ro‘yxatdan chiqarish uchun asos bo‘lishini bilmaganman”, deya izohlagan, xolos.
Bir necha yillarga cho‘zilgan mojaroning qisqacha tafsiloti mana shu. Ammo biz aytmoqchi bo‘lgan yana bitta asosiy masala bor: Uy sotilgan, xo‘sh, endi nima qilish kerak? Mas’ul tashkilotlar qanday yo‘l bilan adolatni qaror toptiradi? Bilishimizcha ayni vaqtda o‘z uyidan haydalgan fuqaro G.Sharipova o‘sha 42 yil umri o‘tgan hovlini qayta sotib olish uchun xorijda ishlab yurgan emish.
Mazkur maqola fuqaroning arizasi va shu kungacha to‘plangan hujjatlar asosida tayyorlandi. Tegishli tashkilotlar holatga o‘z munosabatini bildirib, izoh berishsa, vaziyatga yana ham aniqlik kiritiladi. Har holda fuqaro sohaga aloqasi bo‘lgan viloyat va respublika darajasidagi deyarli barcha tashkilotlarga murojaat qilgan. Hozircha murojaatlar “tegishliligi bo‘yicha u yoki bu tashkilotlarga yuborildi” bo‘lib turibdi.
Savolimiz shu: agar oramizdan kimningdir uyini mahalladan beriladigan “bu yerda yashamaydi, boshqa uyi bor”, deb yozilgan ma’lumotnoma bilan sotib yuborishsa, uyni qaytarib bo‘ladimi yoki uysiz qolib ketaveramizmi? Bunday murojaatlarni kim o‘rganadi? Kim uyni qaytaradi? Bir fuqaro taqdirini ko‘rib, ana shu savollar bizni qiynamoqda.
Xullas, savollarga javob kutamiz.
Asqar BAROTOV,
“Zarnews.uz” muxbiri.