Endi uchar ketmon ham kerak!..
Balki sarlavhani o‘qigan kishi “Uchar ketmon “eski” gap, zamon odimlab ketdi-ku”, deyishi mumkindir. To‘g‘ri, bugun qayerga boqmang taraqqiyot, innovatsiya, ilg‘or texnologiyalar haqida gapirilyapti. Hatto oddiy velosiped ham o‘zi yuradigan bo‘lgan. Ayniqsa, shu keyingisi oxirgi vaqtlar juda ko‘payib, ko‘cha va yo‘llarimizni chumolidek bosib boryapti.
Men ham uchar ketmonning o‘rniga shunday elektroulovni “egarlasam” koshkiydi. “Zuv” etib bozorga, g‘irra bog‘chaga yo mehmonga borib kelaverardim. Biroq muammoyim bor, yoshim o‘tib qolganmi, bilmayman, shu “elektromotor” deganlaridan qo‘rqaman. Mana, masalan, yo‘lda birortasi men tarafga temir “toychog‘i”ni g‘izillatib kelaversa, jonimni hovuchlab turaman. Go‘yo u meni turtib ketadigandek tuyuladi. Vahimangiz noo‘rin, dersiz. O‘rinli bo‘lsa-chi?..
Tan olaylik, bugun skuter va shunga o‘xshash tezyurar “toychoq”lar ko‘payib ketdi. Ammo ularni kim boshqarayotgani, qanday boshqarayotgani bilan ishimiz yo‘q. Xo‘sh, skuterni maktab o‘quvchilari uch-to‘rtta bo‘lib minib olsa-yu ko‘chani “diskoteka” qilib “bostirib” kelaversa, qo‘rqmaysizmi? O‘zingizni chetga olmaysizmi? Yoki “polvon” yangalardan biribir bolasini ikki oyog‘ining orasiga qo‘zichoqday qistirib, birini yelkasidan opichlatib, yana birini “bagaj”ga “ildirib” vizillatib kelib qolsa, ahvolingizni ko‘raman. Avvalo, yaxshilik bo‘lsin, biroq bir falokat bo‘lib, yo‘ldan toshmi, mushuk bolasimi chiqib qolsa, ularning holi nima kechadi? O‘sha mushuk bolasining o‘rnida men bo‘lib qolsam-chi?
Yosh yigit-qizlar bor, qulog‘ida quloqchin, qo‘lida telefon, ko‘zida qora ko‘zoynak bilan skuterida “ming”ga qo‘yib o‘tib qoladi. Huddiki orqasidan kimdir quvayotganday. Menku mayli, keksa odamdirman, lekin shunaqalar yonidan o‘tib ketsa, jahonning manaman degan poygachilari ham bir seskanadi. Ular uchun yo‘l qoidasi yo‘q hisob, istasa, uning qatnov qismida, istasa, piyodalar yo‘lakchasida “bosadi”.
Eshitishimcha, parlamentdagilar ham shu masalada bosh qotirayotgan emish. Yangi jarimalar belgilanibdi. Shunga yarasha tartib ham o‘rnatilsa, juda minnatdor bo‘lardik-da. Yoki bizga ham “Abdullajon”nikiga o‘xshash uchar ketmon yasab beringlar. Pastda yurish xavfli bo‘lib qoldi.
Jo‘raqul Narzullayev,
Paxtachi tumani.