Ular “Zarafshon” gazetasida ishlagan
Zarafshon vohasida, balki mamlakatimizda eng keksa hisoblangan “Zarafshon” (avvalgi “Lenin yo‘li”) gazetasi yillar davomida nomlari turlicha atalganidan qat’iy nazar, xalqimiz tarixining yilnomasidir.
Gazeta bag‘rida ne-ne ulug‘ zotlar ijod qilganini uning ko‘hna tarixidan yaxshi bilamiz. Nashrning dastlabki sonlari Mahmudxo‘ja Behbudiy mas’ul muharrirligi ostida “Samarqand” nomi bilan chop etilgani, o‘z vaqtida Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Akobir Shomansurov, Hoji Muin, G‘ozi Yunus, Ali Ismoilzoda kabi ma’rifatparvarlarning muharrirlik, tarjima va tahrir ishlarida ishtirok etgani har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Qolaversa, gazetalarning tarixdan so‘zlaguvchi taxlamlarida Sharof Rashidov, Vali Xo‘jayev, Lutfulla Hamroyev, Nuriddin Shukurov, Ahmadjon Muxtorov, Mardi Nuriddinov, Xolmuhammad Nurullayev kabi el suygan ijodkorlarning imzosi turganligi ushbu matbuot nashrlari nufuzi naqadar baland ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Umuman, o‘tgan yillar mobaynida gazeta O‘zbekistonda ilmu ma’rifat, axloq va tarbiya, burch va sadoqat, insonparvarlik va vatanparvarlik haqida yozadigan eng noyob nashrlardan biriga aylandi. Unda yuzlab jurnalist, muxbir, ijodiy va texnik xodim ishladi.