Un narxining oshib ketish holatlari o‘rganilmoqda
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kanallarda va mahalliy OAVda “Soliqchilarning olibsotarlar bilan tili birmi?” sarlavhasi ostidagi maqola e’lon qilindi.
Davlat soliq qo‘mitasi ushbu maqola yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Karantin davrida (16 mart-20 aprel) Davlat soliq qo‘mitasida tashkil etilgan ShTABga un narxining asossiz oshirilishi yuzasidan 9 mingdan ziyod murojaat kelib tushib, ularning 90 foizdan ortig‘i joyida ijobiy hal etildi.
Shuningdek, bunday holatlarning aniqlanishida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan aniq faktli ma’lumotlar ham asqotmoqda, albatta.
"Ammo yuqoridagi maqolada qayd etilgan holat aynan qaysi bozorda, qachon sodir bo‘lganligi ma’lum qilinmagan. Shu bois masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, professional jihatdan yondashgan holda, hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmay, aniq faktlar bilan taqdim etilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shundagina ushbu holat bo‘yicha aniq faktlar asosida tegishli profilaktik va nazorat tadbirlarini tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi", deyilgan munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, hukumat topshirig‘iga asosan, “O‘zdonmahsulot” AK tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un uchun 125 ming so‘m narx belgilangan.