Birjada ilk marta un bo‘yicha ochiq savdo o‘tkazildi
Kecha, 1 iyun kuni respublika tovar-xomashyo birjasida un mahsuloti bo‘yicha dastlabki ochiq birja savdolari o‘tkazildi.
Birinchi kunda “O‘zdonmahsulot” korxonalari 10 ming tonna 1-navli unni savdoga qo‘ydi, shundan 83 foizi sotildi. O‘rtacha narx – tonnasiga 4,5 mln. so‘m bo‘lib, mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, bugun birjada shakllangan narxdagi undan qolipli non ishlab chiqarish va uni do‘konlarga yetkazib berishning tannarxi o‘rtacha 2550 so‘mga tushadi.
Birjaning ma’lum qilishicha, “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan birja savdolariga 10,0 ming tonna 1-navli un qo‘yildi va ulardan 8,3 ming tonnasi sotildi. Birja savdolarida sotilmagan qoldiq unning hajmi qariyb 1,7 ming tonnani tashkil etdi. Ya’ni, birjaning un bozorida taklif yetarli darajada bo‘ldi.
O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 497,8 ming so‘mni tashkil qildi. Birjada un bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxi (4 241,9 ming so‘m)ga nisbatan 6 foizga o‘sdi.
Un bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida jami 2 822 ta xaridor ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 56 tasi Toshken non ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Ushbu korxonalar birjada jami 874 tonna 1-navli un sotib oldi.