Qishloq xo‘jaligi vazirligi un va non narxi oshganiga rasmiy izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda, un va non mahsulotlari narxi oshayotgani va narxlarning tez orada "o‘z joyiga qaytishi" haqidagi xabarlar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, aholini un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida har yili mamlakatimizda 8 million tonna atrofida bug‘doy yetishtirilmoqda. Talab esa 104,4 foizni tashkil etadi.
Joriy yilning sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan dehqon bozorlaridagi narxlar o‘rganilgan.
Bozorlardagi chakana savdoda Rossiya va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “365 kun”, “Turon”, “Mutabar”, “Oltin don”, “Makfa” nomdagi va boshqa oliy va 1-navli un qadog‘iga qarab 5000 so‘mdan 7500 so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa, ulgurji savdoda 5000–7000 so‘mni tashkil etmoqda.
Bu narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 200-300 so‘mga oshganini (joylarda savdo rastalarida erkin narx belgilanishi oqibatida bundan ortiq darajada oshganini) ko‘rsatadi. Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi. Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham ayni holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi.
Haqiqatan, Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni, o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.
Ammo Chikago birja bozorida kelgusi yil uchun g‘alla shartnomasining narxi ancha pasayib ketgan. Shunga qaramay, Qozog‘istonda o‘rim boshlanib, hosil yig‘ib olingach, narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda. Ayni kunlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘rim kechikmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlarining ulgurji narxi esa, 4000–4500 so‘mni, chakana savdoda 5000–6000 so‘mni tashkil etmoqda. Bu narxlar avgust oyiga nisbatan narx o‘sishi hamda aholi tomonidan ajiotaj mavjud emasligini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda, asosiy turdagi oziq-ovqat narxlari monitoringi bo‘yicha hududiy shtablar tashkil etilib, bozorlardagi va savdo rastalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini monitoring qilish hamda narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Narxning o‘sishi, taxminlarga ko‘ra, eksportyor mamlakatlardagi korxonalarning mavsumiy sanitariya tozalash uchun yopilishi, shunga o‘xshagan xabarlar fonidagi tebranishlarning o‘z-o‘zidan bo‘lib ketayotgani achinarli hol, albatta. Odatda bu boshqa segmentlarda ham kuzatiladi.