“Universiada-2019” sport musobaqalari saralash bosqichida samarqandlik talabalarning qo‘li baland keldi
Samarqand davlat universitetida Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari terma jamoalari o‘rtasida “Universiada-2019” sport musobaqalari doirasida qo‘l to‘pi va voleybol bellashuvlarining hududiy saralash bosqichi yakunlandi.
Dastlab qo‘l to‘pi bo‘yicha har ikkala viloyat jamoalaridan ustun kelgan samarqandlik yigitlar va qizlar jamoalari saralash g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Sportning voleybol turidan Samarqand davlat universitetining jismoniy madaniyat fakulteti sportchi-yoshlaridan iborat voleybolchi yigitlar va qizlar jamoasi surxondaryolik va qashqadaryolik raqiblariga imkoniyat qoldirmadi.
Komiljon Umarov murabbiyligi ostida maydonga chiqqan samarqandlik voleybolchi qizlar Dilfuza Siddiqova, Marjona Normurodova, E’zoza Rahimjonova, Sarvinoz Ma’mirova jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
Murabbiy Zayniddin Boltayev yetakchiligidagi voleybolchi yigitlar Muhammad Haydarov, Shohzod Xudayberdiyev, Temur Farmonov, Muhammad Baxtiyorovlar endi yil yakunida o‘z omadlarini “Universiada-2019” musobaqalarining finalida jiddiy sinovdan o‘tkazadi.
Bellashuvlar yakunida g‘oliblar hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Dilmurod DO‘STMURODOV.