Universitetlar faqatgina mutaxassis tayyorlamasdan, ilmiy maktablar yaratishi kerak
Bir paytlar butun respublikamiz bo‘yicha faqatgina ikkita universitet mavjud edi. Biri ToshDU – bugungi O‘zbekiston Milliy universiteti, ikkinchisi SamDU – hozirgi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Qolgan oliy ta’lim muassasalari, asosan, pedagogika va boshqa institutlardan iborat bo‘lgan. 2016 yildan boshlab, oliy o‘quv yurtlari soni birga-bir oshganini ko‘ramiz. Universitetlar to‘g‘risida gapirganda, birgina Samarqandda 3 ta universitet paydo bo‘ldi.
Tajribadan ma’lumki, institutlar nisbatan tor mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, ma’lum bir soha yoki yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Universitetlarning yo‘rig‘i boshqa. Behuda universitetni ummonga qiyoslamaydilar.
Davlatimiz rahbari qarori bilan yaqinda Samarqand davlat tibbiyot institutiga universitet maqomi berilishi juda to‘g‘ri va o‘rinlidir. Buning birinchi boisi, mazkur dargoh Markaziy Osiyoda tashkil qilingan birinchi tibbiyot oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Undan keyin tashkil qilingan institut, akademiya, universitet bo‘ladimi, hammasi, avvalo, Samarqand davlat tibbiyot universiteti negizida paydo bo‘lganligini unutmasligimiz zarur. Bu tarixiy adolatni tiklash yo‘lida tashlangan o‘ta muhim qadamdir.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etilgandan to bugungacha mamlakatimiz tibbiyotining ulug‘ namoyandalarini, zabardast darg‘alarini yetishtirib berganligi bilan ham e’tibor va e’tirofga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari, akademiklar O‘ktam Oripov, Islom Zokirov, professorlar Nikolay Mirzoyan, O‘ktam Vahobova, Akram Mo‘minov, Subhonqul Oripov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Nurmamat Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan vrach Nuriddin Kamolov, O‘zbekiston Qahramoni Rahmon Muhammadiyev, akademik Rahim Hayitov...
Ular aynan Samarqand davlat tibbiyot universitetini tugatib, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Tibbiyot fanida maktab yaratgan ulug‘ siymolar edi. Faqat bugina emas, sog‘liqni saqlash sohasini tashkil etish va oyoqqa turg‘izishda ham Samarqand davlat tibbiyot universitetining muhim o‘rni bor.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti tarkibida institutlar ochilishi, klinikalar faoliyati yanada kengaytirilishi, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi, professor-o‘qituvchilar salohiyatini yanada oshirish yuzasidan chora-tadbirlarning belgilanishi kelgusida Samarqand O‘zbekiston tibbiyotining markazlaridan biriga aylanishini ko‘rsatadi.
Yaqin tariximizda bir qator sohalar qatori veterinariya ham inqirozga yuz tutgandi. Chorvachilik tanazzulga uchrab, nafaqat chorvachilik uchun, balki inson salomatligi uchun ham o‘ta muhim bo‘lgan veterinariya fani ham e’tibordan chetda qolgani bor gap. Dastlab Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, uning negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining tashkil qilinishi soha rivojiga astoydil kirishilganligini ko‘rsatadi. Bizga ma’lumki, har qanday yo‘nalishni taraqqiy ettirish uchun avvalo, kadrlar bilimi muhim ahamiyatga ega. Bu borada zarur qadam tashlandi. Endigi gap uni ijro etishda.
Davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra olishi natijasida tashkil etilgan bu universitetlarda bundan keyin ilmiy salohiyat yanada oshadi. Universitetlar faqatgina mutaxassis tayyorlab qolmasdan, balki ilmiy maktablar yaratilishi, xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan olimlar korpusiga ega bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir. Dastlab fan rivojlanishi chuqur tadqiq etilishi kerak. Shundan so‘ng yuksalgan ilm-fan sifatli kadrlar yetishtirish omiliga aylanadi.
Samarqand davlat universiteti 600 yillik tarixga ega. Universitet maqomida faoliyat ko‘rsatganiga ham bir asrga yaqin vaqt bo‘ldi. SamDU ma’muriyati yangidan tashkil etilgan universitetlarga har tomonlama yordam beradi. Bu tajriba almashish, ilmiy-uslubiy ko‘mak, xalqaro aloqalarda hamkorlik bo‘ladimi, barchasiga tayyormiz.
Bugungi O‘zbekiston yoshlari juda baxtli. Hech qachon, hech qaysi zamonda o‘qishga, ilm-olishga, olim bo‘lishga bunchalik imkoniyat berilmagan. Ming afsuski, oyligi past professor-o‘qituvchi tamagirlikni kasb qilganidek, muallim va shifokor majburiy mehnatdan bezib, o‘z ishini tashlab ketganday, yoshlarimiz ham bugun yaratilayotgan shart-sharoitlarni to‘laqonli anglab yetmayaptilar, deb o‘ylayman. Lekin bu vaqtincha.
Ilm-fan rivojlansa, buning natijasida mamlakat taraqqiy etsa, ishlab chiqarish kengaysa, ish o‘rinlari yaratilsa davlat iqtisodi yildan-yilga ko‘tariladi. Takror bo‘lsa-da, aytmoqchiman, xalqimiz bir haqiqatni chuqur anglab yetishi kerak. Bu borada Prezidentimizga hamohang bo‘lishimiz zarur. Nima demoqchiman? Ilm-ma’rifatli avlodni yetishtirishda, so‘zsiz, davlatning o‘rni beqiyos. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin farzandlari ilm o‘rganishi uchun ota-onalar ham astoydil harakat qilishi kerak. Shunda biz o‘zimiz orzu qilganimizdek, xohlaganimizdek yashaymiz. Ilmli yoshlar mamlakatni harakatga keltiruvchi kuchga, qudratga ega bo‘ladi.
Rustam Xolmurodov,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat
universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi.