Unutilgan qadriyat: Dehqonni qo‘msab, “mung‘aygan” tomorqa

Rahmatli qo‘shnimiz Bolta buva urushdan keyin elliginchi yillarda Darg‘om soyning narigi tomonidan hovlisi buzilishga tushganda, qarindoshlarini qora tortib, bizning qishloqqa ko‘chib kelgandi. Yoshi oltmishdan oshgan bo‘lishiga qaramay, qo‘lidan ketmoq tushmasdi. Hovlisidagi tomorqasini bamisoli jannat derdingiz. Yoz bo‘yi olma, anor, anjir, shaftoli, uzum, o‘rik g‘arq pishib yotardi, supasi pastida anvoyi gullar muattar bo‘y taratib turardi.
Bolta buva, kampiri Qambar momo qo‘li ochiq, saxiy kishilar edi. Buva ko‘chada qiy-chuv o‘ynayotgan bolalarni chaqirib, meva-cheva bilan siylardi. Kampiri Qambar momo qo‘ni-qo‘shnilarnikiga quruq qo‘l bilan chiqmasdi.
Buvaning o‘g‘li Rustam bilan bog‘ oralab sarxil mevalardan to‘yib-to‘yib yeganmiz. Maktabdan kelganimizda Qambar momo sopol tovoqqa zog‘ora non to‘g‘rab ivitib qo‘ygan turshakning mazasi hanuz og‘zimdan ketmaydi. Oradan yillar o‘tdi. Bolta Buva ham, Qambar momo ham endi bu dunyoda yo‘q. Men Toshkentga o‘qishga ketdim, keyin armiyada xizmat qildim. Qishloqqa qaytgach, Rustamni yo‘qlab kirdim. Quchoq ochib kutib oldi. Qurilishda prorab ekan. Hayotidan mamnunligi yuz-ko‘zidan sezilib turardi. Dasturxon yozib choy keltirdi. Tomorqasiga qarab xayolga cho‘mdim. Yashnab turgan ota meros bog‘dan uch-to‘rtta tarvaqaylagan qarovsiz daraxt qolgan, orasiga har xil sabzavot ekiladigan yer begona o‘t bosib, qovjirab yotardi. «Esiz tomorqa…». Ko‘nglimdan o‘tnanini sezdi, shekilli Rustam hijolat chekib, o‘zini oqlagan bo‘ldi:
- Kelining maktabda ishlaydim. Erta ketib, kech qaytadi. O‘zimda bosh qashishga vaqt yo‘q…
Rustam bilan gurunglashib qaytar ekanman, yana tomorqasiga ko‘z yugurtirdim. Nazarimda bir paytlar yashnagan hovli Bolta buvani qo‘msab, mung‘ayib yotgandek tuyuldi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.