"Urgut chinoridan mening qalamim"
O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti laureati Barot Boyqobilov hayot bo‘lganida bugun 85 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
B.Boyqobilov 1937 yil 14 martda Urgut tumanidagi Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. SamDU filologiya fakultetida tahsil olgan.
O‘zbekiston davlat badiiy adabiyot nashriyoti, yoshlar gazetasi, bolalar adabiyoti nashriyotida muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, «Muloqot» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
«Samarqand satrlari», «Visol», «Seni izlayman», «Samarqand ushshog‘i», «Afrosiyob», «Sonetlar», «Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda» va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Shukuhli karvon», «Notinch Xuroson», «Sokin Xuroson» va «Qonli Xuroson», «Hayrat ul-Abror» dostonlaridan iborat «Yangi Xamsa» va «O‘zbeknoma» she’riy romanlari bor.
2006 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
Urgut chinoridan mening qalamim,
Qalbimning sofligi — buloqlaridan.
Odamlarin mehri — o‘tli kalomim,
Qaddim rasoligi — alp tog‘laridan.
Ko‘klam xandasidan — tabassum, kulgim,
She’r bitgan qog‘ozim — saxiy dalasi.
Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim,
Nafasim — shifobaxsh subhi sabosi.
Bedor soylarida — umrim kemasi,
Charx urgan kaptari — o‘y-orzularim.
Tilidagi g‘azal — sevgim shevasi,
Cho‘qqiga ketgan yo‘l — mening izlarim.
Tarjimai holim — Urgut qissasi,
She’rim — urgutliklar oltin bo‘sasi.
* * *
Mevali daraxtga tosh otar,
Toshlardan butog‘ing sinmasin,
Shoxingga kalxatlar qo‘nmasin,
Qismating o‘ylasam bosh qotar.
Ko‘zimda qurg‘oshin yosh qotar,
Mayli, tosh otganlar tinmasin.
Mevangni yeb turib, tig‘lansin,
Boshingda bir kuni tong otar.
Vale tong otguncha, otib tosh,
Tutundek o‘rlatsa ohlaring,
Dardingga bo‘lgandek qayg‘udosh.
Xazondek yonsa gar bog‘laring,
Sen bo‘lib o‘rtada jon talash,
Qirqishib ketmasin shoxlaring.