Urgut tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq ta’tilidan qaytgan hamshirani ishga qabul qilmadi

Urgut tumani adliya bo‘limiga Qayroqli mahallasida yashovchi N.O‘rinova 2017 yil mart oyigacha qishloq vrachlik punktida ishlab kelgani va keyin bola parvarishlash ta’tiliga chiqqanligi, ayni paytda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgani uchun tibbiyot birlashmasiga o‘z faoliyatini davom ettirishini bildirgan bo‘lsa-da, ishga qaytarilmayotganligidan norozi bo‘lib shikoyat ariza bilan murojaat qildi.
Ushbu murojaat asosida tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligiga rioya etilishining ahvoli o‘rganildi. O‘rganishda aniqlanishicha, N.O‘rinova Urgut tumani Sharof Rashidov qishloq vrachlik punktiga 2015 yil 16 dekabrdan boshlab 1,0 stavka patronaj tibbiy hamshira vazifasiga ishga qabul qilingan. 2017 yil yanvar oyida homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga, 2017 yil 7 mart kuni farzand tug‘ilgandan keyin bolani ikki yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash ta’tiliga chiqqan.
Tuman tibbiyot birlashmasining 2019 yil 9 apreldagi №226-U sonli buyrug‘i asosida Mehnat kodeksining 234-moddasiga asosan 2019 yilning 9 apreldan 2020 yilning 7 martigacha bola uch yoshga to‘lguniga qadar bir yillik qo‘shimcha ish haqi saqlanmagan holda bola parvarishi ta’tili berilgan. 2020 yil 5 mart kunidagi tibbiyot birlashmasiga ishga chiqish to‘g‘risida ariza ijroga qaratilmagan va o‘z ish joyi (lavozimi)ga tiklanmaganligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, 2020 yil 25 iyun kuni bola parvarishidan o‘z ish o‘rniga qaytishni so‘rab qilgan takroriy murojaati tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tegishli tartibda ijroga qaratilmagan.
Mehnat kodeksining 234-moddasi 5-qismiga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi, bu ta’tillar mehnat stajiga hammasini jamlaganda ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan, mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shilishi belgilangan. Kodeksning 234-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Urgut tumani tibbiyot birlashmasiga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida adliya bo‘limi tomonidan taqdimnoma hamda tuman Bandlikka ko‘maklashish markaziga tuman tibbiyot birlashmasi mas’ul xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 49-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun ma’muriy taklif kiritildi.
2020 yil 14 avgust kuni N.O‘rinova ishga tiklandi.
J.XUShNAZAROV,
Urgut tuman adliya bo‘limi katta maslahatchisi.