Urgutda birinchi talabalar turarjoyi ochildi
Samarqand davlat universiteti Urgut filialining 400 o‘rinli talabalar turarjoyi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlash maqsadida 2022 yilda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Urgut filiali tashkil etilgandi.
Filial uchun tumanning Vag‘ashti mahallasidagi sobiq kasb-hunar kolleji binosi ajratilib, talabalarning qulay sharoitda bilim olishi uchun bino mukammal ta’mirlanib, jihozlandi. Lekin shu paytgacha filial talabalari uchun turarjoy masalasi muammo edi. Endi esa universitet hududida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bunyod etilgan talabalar turarjoyi mavjud.
Binoning ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori R.Xomurodov, Urgut tumani hokimligi mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Muassasamizda hozirda ikki fakultetda 13 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1435 nafar talaba tahsil olmoqda, – deydi Samarqand davlat universiteti Urgut filiali direktori Quvondiq Yarashev. – Bu yil maktabgacha ta’lim yo‘nalishini 48 nafar ilk bitiruvchilarimiz tamomlaydi. Talabalarimizning 30 foizi urgutliklar bo‘lsa, qolgani yurtimizning turli hududlaridan kelib o‘qiydi. Shu paytgacha talabalar turarjoyi yo‘qligi eng katta muammolarimizdan biri edi. Davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli bino qurilgach, bu muammo yechim topdi. Binoda mehmonxonadagi kabi sharoit yaratilgan va bu talabalarimiz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Kelgusi yilda yana 400 o‘rinli shunday talabalar turarjoyi va 1200 o‘rinli o‘quv binosi qurish rejalashtirilgan. Bu binolar qurilsa, zamonaviy talablarga ega kampusga ega bo‘lamiz.
Talabalar turarjoyi “Samarqand qurilish materiallari kombinati” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etildi. Qurilish va jihozlash ishlariga 27 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Besh qavatli binoda talabalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, kutubxona, har bir qavatda oshxona va kir yuvish xonalari mavjud.
– Men Surxondaryodanman, – deydi Feruza Nizomova. – Filial tashkil etilgan yili o‘qishga qabul qilinganman. Uch yildan buyon aholi xonadonlarida ijarada turardik. Mana endi o‘quv binomiz yonginasida shunday ko‘rkam talabalar turarjoyi qurib berildi. Yotoqxonada biz uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Bundan xursandmiz.