Urgutda noyob hayvon — Turkiston silovsini aholi yashash joyiga kirib keldi

Kecha, 19 oktyabr kuni Turkiston silovsini Urgut tumanidagi Rahmatobod mahallasi hududiga Zarafshon daryosi orqali kelib qolgan. Bu haqda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati Zarnews’ga ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi mahallada joylashgan “OQBUTA GOLD” MChJda ishlovchi fuqarolar korxona hududiga kelib qolgan noyob xayvonni ko‘rib qolishadi va unga ovqat berishadi. Silovsin ketavermagach Urgut tumani o‘rmon xo‘jaligi hamda tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat inspeksiyasiga telefon orqali murojaat qilishadi. Mas’ullar esa tezda joyiga borib o‘rganishganda, bu hayvon Turkiston silovsini ekanligi aniqlanadi.

Hozirda mazkur hayvon maxsus tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, tez orada yana tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi.

Turkiston silovsini qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan kenja tur hisoblanib Ugom, Piskom, Chotqol, Turkiston, Hisor, Ko‘hitang tog‘ tizmalarida uchraydi.

O‘zbekistondan tashqarida - O‘rta Osiyo mamlakatlari, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Xitoy g‘arbi, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston shimolida ham bor. Asosan, tog‘larning o‘rta va yuqori qismlari, ko‘pincha sochma-toshloq va qoyalarga yaqin joylarda yashaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 300 ga yaqin Turkiston silovsini qolgan.