Urgutda profilaktika inspektori 15 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalarini aniqladi

Urgut tumani bo‘yicha IIB profilaktika inspektorlari belgilangan tartib asosida xonadonlarda profilaktik tadbirlar o‘tkazdi.

Tadbir davomida tumanning “Pochvon” mahallasida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan S.A. o‘zini shubhali tutganligi sababli uning yon cho‘ntaklari tekshirilgan. Natijada uning cho‘ntagida 4 dona gugurt qutida marixuana giyohvandlik moddasi borligi, surishtiruv davomida u ushbu giyohvandlik moddalarini tanishi B.A.dan olganligi aniqlangan.

B.A.ning hovlisi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, tomorqasida 76 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, javonida 15 kilogramm marixuanna (sof og‘irligi 11 kilogrammdan ortiq) giyohvandlik moddalarini saqlab kelayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25- va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, hozirda dastlabki tergov xarakatlari davom ettirilmoqda.