Urgutda «Virjiniya» yetishtirish yo‘lga qo‘yildi
Yaqinda mamlakatimiz rahbari tomonidan 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, uni yangi bosqichga olib chiqish, sohani rivojlantirish orqali eksportni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘tarildi. Shuningdek, yig‘ilishda mutasaddilarga qishloq xo‘jaligi statistik boshqaruvini isloh qilish, jumladan, ekinlarni joylashtirishdan tortib sotuvgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Quyida Urgut tumanida ushbu tizimni kichik tarmoqda joriy etishga erishilayotgani xususida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Aytish kerakki, Urgut tumani iqlimi va tabiati tufayli turli qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga qulay hudud hisoblanadi. Tamakichilik mazkur tumandagi ham qishloq xo‘jaligi, ham sanoat rivoji uchun muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Tamaki yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini aniqlash maqsadida tumanda o‘tgan yillar davomida respublika Qishloq xo‘jaligi iqtisodi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan monitoring tahlili olib borildi. Tamaki yetishtiruvchi fermerlar, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. To‘plangan natijalarga ko‘ra tumanda nafaqat tamaki yetishtirish, balki boshqa ekinlarning ham iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanligi aniqlandi.
Tamaki yetishtirish hamda ushbu mahsulotni ishlab chiqarish mashaqqatli jarayon. Boshqa tomondan u ilmiy yondashuv talab qilinadigan soha bo‘lib, murakkab texnologiyalar va texnologik jarayonlar qo‘llaniladigan soha hamdir. Shu nuqtai nazardan olib qaralsa, tamakichilik o‘zining barcha musbat va manfiy tomonlari bilan tumandagi soha modernizatsiyasi, yuqori malakali kadrlar shakllanishida lokomotiv va innovatsion soha sanaladi.
Tamaki dunyoning 124 davlatida yetishtiriladi. Urgutda tamaki o‘tgan yuz yillikda ham yetishtirilgan bo‘lib, uning maydoni 10 ming gektarni tashkil qilgan.
Bugungi kunda tumanda tamaki maydonlari o‘tgan asrning 90-yillariga qaraganda 9 martaga kamaygan. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ayni paytda mazkur sohada 4,5-5 ming kishi band bo‘lsa, mavsumiy ishchilar soni 2-2,5 ming kishini tashkil qiladi, shuningdek, uni qayta ishlash, logistika sohasida 2-3 kishi bevosita tamaki bilan bog‘liq ishlarni amalga oshiradi. Ushbu sohada band kishilar soni o‘rtacha 8-10 ming kishi bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligida band aholining 10-12,5 foizini tashkil qiladi. Tumanda ayni paytda 632 nafar fermerlar tamaki yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
- Mavjud 46 gektar yerning 12 gektariga tamaki ekamiz, - deydi tumandagi «Alisher oltin zamini» fermer xo‘jaligi rahbari Ahad Qayumov. – Shuningdek, uzum, g‘alla, sabzavot yetishtiramiz, tut ko‘chati maydonlarimiz ham bor. 65 nafar doimiy ishchilarimiz bo‘lib, ularga mehnat daftarchalari ochilgan, ish haqi yoziladi. Tumanda azaldan tamaki ekish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, biz ham ushbu o‘simlikni ekishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu borada uzoq yillik tajribaga egaligimiz tufayli keyingi yillardagi o‘zgarishlar jarayoni bilan bevosita tanishmiz. Bir paytlar tamaki yetishtirishda qo‘l mehnati ko‘p qo‘llanilardi, hozirda uning o‘rnini texnologiya egallamoqda. Tumanning o‘zida joylashgan «British Amerikan Tobakko – O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi mutaxassislari tomonidan tamakining rivoji doim kuzatib boriladi, zarur tavsiyalar beriladi. Tamaki yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklariga bir nafar agronom biriktirilgan. Agronom bizga nafaqat tamaki yetishtirish, balki boshqa ekinlarda paydo bo‘ladigan kasalliklar, ularning oldini olish yuzasidan tavsiyalarini berib boradi. «O‘zBAT» mutaxassislari o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulotning xom ashyosi hisoblangan tamaki rivoji, uning yangi turlarini joriy etish uchun tinimsiz izlanish olib boradi. Deylik, bundan bir necha yil avval O‘zbekistonda uning «Virjiniya» navini o‘stirishning imkoni yo‘q, deb hisoblanilardi. Ammo olimlar va katta investitsiyani jalb qilgan holda tashkilot tomonidan ushbu navni tumanimizda ham ekib, yetishtirish mumkinligi isbotlandi. Bu juda katta yangilik bo‘ldi. O‘zi ishlayotgan fermerlarning muammolariga befarq emasligi, aksincha, ularni qo‘llab-quvvatlashi, tabiiyki, yaxshi ishlaydigan fermerlar, ishchilarni rag‘batlantirib borishi tufayli ushbu ekinni ekib borish biz uchun foydali. Bir yilning o‘zida ushbu ekindan o‘rtacha 60 million so‘m daromad olamiz. Rejalarni o‘z vaqtida bajarganimiz, ishni to‘g‘ri tashkil qilganimiz tufayli korxona tomonidan artezian quduq ta’mirlab berildi. Shu hududda yashovchi bir nechta oila xo‘jalikda ishlab, ro‘zg‘orini yuritib, qo‘shimcha daromad olyapti. Biz boshqa qo‘shma korxonalar bilan ham meva, sabzavot yetkazib berishda hamkorlik qilamiz. Ammo ulardan ekinni ekilishidan boshlab, uni yig‘ib olgunga qadar bu kabi e’tibor va o‘zi olayotgan mahsulotga nisbatan talabchanlik, fermer xo‘jaliklariga nisbatan doimiy hamkorlikni ta’minlaydigan ijobiy munosabatni ko‘rmadik. Shuning uchun ham ushbu ekinni ekish biz uchun har tomonlama daromadli va qulay.
Shuningdek, tadqiqotchilar tomonidan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda tamaki o‘simligini yetishtirishda fermerlarga yaratilayotgan qulayliklar tahlili ham amalga oshirilgan. Ushbu natijalarga ko‘ra, tumanda sabzavot ekini bilan shug‘ullanadigan fermerlarga bo‘nak sifatida 40 foiz mablag‘ ajratilayotgani aniqlangan bo‘lsa, tamaki yetishtiruvchi fermerlar uchun bu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil qilgan.
Tahlil natijalarining ko‘rsatishicha, Urgut tumanida o‘tgan 100 yil davomida tamaki yetishtirish bo‘yicha yetarlicha tajriba to‘plangan, nafaqat uni o‘stirish, balki qayta ishlash bo‘yicha ham zanjirsimon shakldagi mexanizm ishlab turibdi.
Shuningdek, so‘rovlar natijalariga ko‘ra, soha mutaxassislari tamakichilik uchun kuch sarflash muhimligi, bu tarmoq mahalliy aholi uchun daromad manbai ekanligi aniqlandi.
G.KOMILOVA.
Reklama huquqi asosida.