Urgutdagi korxona paxta tolasidan paypoq ishlab chiqaryapti
Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish sur’atlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini ko‘paytirish va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumki, so‘nggi paytlarda bu borada hukumatimiz tomonidan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradigan soliq, bojxona imtiyozlari va yengilliklarining keng tizimini yaratish borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bugun esa tadbirkorlarimizga yaratilgan bu imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Buni “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan eksportyor korxonalardan biri “AGRO DRY FRUITS” MChJ korxonasi faoliyati misolida ko‘rishimiz mumkin.
Korxona pandemiya davrida karantin qoidalariga rioya etgan holda 280 nafar xodimni ish bilan ta’minlab, 24 soat davomida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Korxona tomonidan sifatli hamda yozgi va qishki mavsumga mos har xil turdagi paypoqlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona yiliga 24 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Hozirda mahsulotlarning 30 foizi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, mahsulotlar ichki bozordan tashqari qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Agar tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, korxona 2019 yilda 95,38 ming AQSh dollari qiymatidagi mahsulotni xorijga eksport qilgan. Pandemiya sharoitiga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davri davomida korxona tomonidan 456 ming AQSh dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan.
Korxona eksport hajmini yanada oshirish maqsadida Rossiya bozorlaridan o‘z xaridorlarini topishni maqsad qilgan. Buning uchun esa barcha imkoniyatlar mavjud. Korxona kelajakda trikotaj mahsulotlarini ham ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Oldinlari korxonaga mahsulot ishlab chiqarish uchun 70 foiz xom ashyo Xitoydan keltirilgan bo‘lsa, endilikda ushbu xom ashyo o‘zimizda tayyorlanib, importni o‘rnini bosadigan paxta tolali ip kalavalardan foydalangan holda korxona paypoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Korxonaning import va eksport tovarlarini soddalashtirilgan tartibda, qisqa muddatlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zona bojxona punkti xodimlari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib kelmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.