Urgutdagi yo‘l belgisi “yurak rasmi”dan tozalandi

Bugun Zarnews.uz telegram kanalida “Urgut tumanidagi Dehqonobod bozori va ’’Ixlosi ziyo‘’ jome masjidi o‘rtasidagi ko‘cha chetiga o‘rnatilgan mana bu yo‘l belgisi nimani anglatadi?” mazmunida tanqidiy fotolavha e’lon qilindi.

Mazkur masala viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, Urgut tumanidagi Dehqonobod bozori oldidagi Mahdumi A’zam ko‘chasida o‘rnatilgan yo‘l belgisi ustiga fuqarolar tomonidan qizil rangdagi bo‘yoq bilan yurak shakldagi rasm chizilgan.

Holat tuman IIO FMB YHXB tomonidan bartaraf etilib, yo‘l belgisi tozalandi.

Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yo‘l belgilariga hurmat nuqtai nazaridan munosabatda bo‘lishlarini so‘raymiz. Ushbu yo‘l belgilari harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.