Urgutlik tadbirkor bankdan 4 milliarddan ko‘proq kredit olib, avtomashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullandi, ammo...

Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida urgutlik yakka tartibdagi tadbirkor Z.R. xufyona iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, moddiy boylik orttirishga harakat qilganligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Z.R. eltib qo‘yish faoliyati bilan shug‘ullanish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish niqobi ostida bankdan 4 milliard 250 million so‘m kredit olgan. Mazkur mablag‘ga har birini 170 million so‘mdan hisoblab, 2019 yilning 12-19 iyul kunlari 25 dona “TRACKER TRKAT (Premier AT)” rusumli avtotransport vositalarini xarid qilgan. O‘z navbatida avtomobillarning 22 tasini naqd pulga sotgan.

Bu yerda qanday qonunbuzarlik bor, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Gap shundaki, Z.R. avtomashinlarni sotishdan tushgan 3 milliard 463 million so‘m naqd pul mablag‘larini bank hisob raqamiga kirim qilmagan. Aksincha, bankdan tashqari noqonuniy pul aylanmasini amalga oshirib, 2019 yil oktyabr oyida realizatsiya qilishdan olingan 100 million so‘mdan oshgan mablag‘dan 27,2 million so‘m yagona soliqni to‘lamagan.

Z.R. shuningdek, 2019 yil 4-choragida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshgan bo‘lishiga qaramay 177,4 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat soliqlarini qasddan hisoblamagan, tabiiyki, to‘lamagan.

Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan Soliq kodeksining 237-moddasi talablariga zid ravishda, tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad soliq davrida bir milliard so‘mdan oshgan bo‘lsada, 2020 yilning 1-choragida 155,2 million so‘mlik qo‘shilgan qiymat soliqlari hisoblanmagan va to‘lanmagan.

Shu bois, yakka tartibdagi tadbirkorning harakatlarida juda ko‘p miqdordagi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ifodalangan jinoyat tarkibi mavjudligi inobatga olinib, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi
iqtisodiy jinoyatlarga qarshi
kurashish departamenti viloyat
boshqarmasi axborot xizmati.