Mahallangiz nomi ma’nosini bilasizmi?

Viloyat axborot-kutubxona markazida “Samarqand viloyati joy nomlarining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimligi, oliy ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, talabalar yoshlar ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimligining bevosita rahbarligi va homiyligida tayyorlanib, nashr etilgan kitobdan viloyatdagi joy nomlari haqida ma’lumotlar o‘rin olgan. Tashkilotchilar va kitobni tuzishda qatnashgan olimlar mazkur kitobni yaratish jarayonlari, Samarqand toponimikashunosligi haqida so‘z yuritdilar.

– Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni o‘zbek tilini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari belgilab berilgan dasturiy hujjat bo‘ldi, – deydi viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – Ushbu farmonda geografik va boshqa toponimik ob’yektlarning nomlanishida qonun hujjatlariga qat’iy amal qilish hamda bu boradagi faoliyatning monitoringini olib borish va muvofiqlashtirish ham ko‘zda tutilgan edi. Mazkur kitob ham bu boradagi ishlarning mahsuli sifatida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan barcha hududlar qatori Samarqand viloyatida ham yaratildi. Lug‘at kitobni tayyorlashda filologiya fanlari doktori professor Suyun Karimov, professor Abdurahim Turobov, dotsent Shavkat Mahammadiyev va bir qator yosh olimlar faol ishtirok etdilar. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarga tayanildi.

Kitob taqdimotida Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov, “Zarafshon” va “Samarkandsiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri F.Toshev mazkur kitob Samarqand viloyatidagi joy nomlari haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan ilmiy tadqiqot bo‘lganini ta’kidlab, bu xalqimiz tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini o‘rganishga ham xizmat qilishini ta’kidladilar.

Taqdimotda kitobni tayyorlashda ishtirok etgan olim va tadqiqotchilarga viloyat hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Lug‘at kitob viloyatdagi kutubxonalar, ta’lim muassasalariga bepul tarqatiladi.