Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutliklarning tashqi targ‘ibot sohasidagi tajribalari namuna sifatida ko‘rsatildi

Urgut tumanida “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish, ijtimoiy reklamada ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish vazifalari” mavzusida respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi vakillari, uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tuman bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar haqida tushunchalar berildi.

- Seminarning aynan Urgutda o‘tkazilishi bejizga emas, - dedi respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov. – Shu kunlarda uyushmamizning ushbu tuman bo‘limi tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Bu yerda aholi gavjum joylarni tashqi targ‘ibot vositalari bilan bezash masalasida boy tajriba to‘plangan. Urgutning bayram tadbirlari, xalqaro festivallarda tashqi targ‘ibot vositalarini joylashtirish, ularda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” mazmun-mohiyatini aks ettirish, tashqi reklama sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish, ijtimoiy reklamada ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish borasidagi tajribalari faoliyatimizda asqotadi.

Ishtirokchilar ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar, “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”dagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Tadbir doirasida tashqi targ‘ibot vositalari namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

To‘lqin SIDDIQOV.