Urush ko‘rgan, mehnatda toblanganlarning avlodlarimiz

Otam Suyun Qo‘ldoshev 1942 yilning 5 may kuni tug‘ilgan. Qo‘ldosh bobom esa olti oydan keyin frontga ketgan va o‘g‘li besh yoshga to‘lganda Qo‘rg‘onchaga g‘alaba bilan qaytib kelgan. Bobomning ko‘p orden, medallari bor edi, otam o‘z padari buzrukvorini juda hurmat qilardi. Onamning aytishicha, janozasida ham ichikib yig‘lagan ekan. Chunki bobom bekor o‘tirmasdi, ishlamagan odamni yoqtirmasdi.

Bu fazilatlar otamga ham o‘tgan. Yettinchi sinfdan keyin Samarqand gidromelioratsiya texnikumida o‘qib, xo‘jalikda traktor haydagan. Keyin o‘n uch yil Urgut qishloq xo‘jalik texnikasi birlashmasida nazoratchi bo‘lgan. Harbiy xizmatga borib qaytgach, uni viloyatdagi korxonaga boshliq o‘rinbosari qilib olishgan. Endi tushunmayapman, suyaydigan hech kimi yo‘q yigit faqat mehnati, kasbini puxta bilgani tufayligina shunday darajaga erishishi mumkin. Otamning tanish-bilishchilik va ta’mani xushlamasligining sababi ham shunda edi.

Axir Samarqand qishloq institutini bitirgach, 8 yil viloyat «Qishloqxo‘jalikkimyo», 10 yil «Agrosanoat» birlashmasi va «Agromashservis» jamiyatlarini boshqarish, viloyatda texnikani boshqarishning piri, deb e’tirof etilishi har kimga ham nasib qilmagan.

Onam Musavvara Ergasheva bilan ikki o‘g‘il, besh qizni voyaga yetkazishdi. Barchamiz ota-onamiz tarbiyasi va yordami tufayli oliy ma’lumot oldik.

Otajonim ko‘p bor viloyat Kengashiga deputat bo‘lgan, orden va medallar olgan. Biz uchun muhimi, oilaga mehru muhabbati va g‘amxo‘rligi edi. Shu sababli 60 yoshga yetmasdan vafot etgan bo‘lsalar-da, hamon «Biz Qo‘ldosh jangchi bolasining farzandlarimiz» deb faxrlanamiz, otamizga munosib bo‘lishga intilamiz.

Shahlo QO‘LDOShEVA.