Urushning ma’lum va noma’lum sahifalari
Millionlab kishilarning yostig‘ini quritgan Ikkinchi jahon urushi barcha xalqlarning, xususan, o‘zbek xalqining o‘tmishida qonli bir xotira bo‘lib qoldi.
Urush maydonlarida dushmanga qarshi mardonavor jang qilgan qahramonlarning nomlari avlodlar qalbida mangu yashaydi. Ammo ular orasida taqdiri noma’lum bo‘lgan minglab qahramonlar ham bor.
Ikkinchi jahon urushi mavzusida bir nechta tarixiy kitoblar muallifi G‘aybiddin Fazliyning “Urushning ma’lum va noma’lum sahifalari” asarining ikkinchi kitobi nashr etildi. Kitobdan urushda jasorat ko‘rsatgan, ammo noma’lum sabablar bilan nomi qahramonlar qatorida tilga olinmagan yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Tadqiqotchi bir necha yillar davomida sobiq SSSR Mudofaa vazirligining markaziy arxivida bo‘lib, har bir ma’lumotni sinchkovlik bilan o‘rgangan. Kitobda keltirilgan ma’lumotlarning aksariyatiga arxiv hujjatlari asos bo‘lganligi uchun urush qahramonlarining ma’lum bir jasoratlari haqidagi voqealar batafsil va ishonchli ma’lumotlar asosida yoritilgan. Kitobning katta qismidan “Sharqlik o‘n bir qahramon” tepaligi bahodirlariga bag‘ishlangan maqola o‘rin egallaydi.
1942 yilning sentyabr oyida Kletskaya stansiyasida 115,2 belgili tepalik uchun ayovsiz janglar kechadi. Olti soatdan ortiq davom etgan shiddatli jangdan keyin tepalikka vzvodning qirq jangchisidan faqat o‘n ikki kishi yetib keladi. Ulardan biri ma’lumot yetkazish uchun shtabga jo‘natiladi. O‘n bir jangchi hali o‘zini o‘nglamasdan turib, dushmanning 300 nafar avtomatchi askar va ofitserlariga duch keladi va ularga qarshi shiddatli jangga kiradi...
Mana shu jangchilar sharafiga ushbu tepalik “Sharqlik o‘n bir qahramon” nomini oladi. Ulardan sakkiz nafari o‘zbekistonlik edi.
Ushbu asar shu kabi qimmatli ma’lumotlar asosida Ikkinchi jahon urushi haqidagi tasavvurimizni kengaytiradi, ko‘z o‘ngimizda ajdodlarimizning qahramonliklarini yanada ro‘y-rost ifodalaydi.
***
Tarix - insoniyatning buyuk xotirasi
Yurtimizda boy tarixi bilan mashhur manzillar ko‘p. Nurobod tumani ham ana shunday qadimiy manzillardan biri.
Xususan, Sazag‘on, Tepaqul, Jom, Tim, Arg‘on va Qo‘rg‘oncha qishloqlaridan topilgan arxeologik topilmalar – qadimiy qo‘rg‘on va qal’alar qoldiq izlari, tosh va temir qurollar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qadimiy tangalar, qoyatosh rasmlari bu hududda qadimiy yashash manzillarining o‘rnini ko‘rsatadi. Noyob arxitektura va madaniy meros namunalari – Tim qishlog‘idagi Arab ota maqbarasi, Oq masjid, Sahro qishlog‘idagi Ostonabobo me’moriy yodgorliklar Buxorodagi XI asrga oid Somoniylar maqbarasi bilan tarixiy bir davrni o‘zida namoyon etadi.
Ushbu qimmatli ma’lumotlar “Nurobod – qadimiy maskan” nomli monografiya-to‘plamda batafsil bayon qilingan. Tadqiqotchi Xolmurod Soriyev g‘oyasi asosida nashr etilgan monografiyadan Samarqand arxeologiya instituti, Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi, “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti, Samarqand chet tillar instituti hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Serjantlar tayyorlash oliy maktabi tadqiqotchilarining Nurobod tumani tarixiga oid ilmiy-tahliliy maqolalari o‘rin olgan.
Sulaymon Mardiyev.