«Ushbu ma’lumotni reyting sifatida qabul qilmasliklarini so‘raymiz»: XTB bugun tarqalgan OTMlarga kirish ko‘rcatkichlari bo‘yicha munosabat bildirdi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Urgut tuman hokimligi rasmiy kanalida ham viloyatdagi shahar, tumanlarda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlari e’lon qilingandi. Tarqalgan mazkur xabarlar Zarnews.uz kanalida ham yoritildi.
Biroq viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mazkur ma’lumotlarni rasmiy reyting deb atash to‘g‘ri emasligini bildirmoqda. Garchi tarqalgan reyting jadvali ham XTBga tegishli bo‘lsa-da u kunlik ma’lumotlar asosida o‘zgarib turishi va ushbu ma’lumotda hozirgi kunga qadar bitiruvchilarning nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari ham inobatga olingani aytilmoqda.
“Shuni ma’lum qilamizki, maktab o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari oliy ta’lim muassasalaridan olingan oxirgi tasdiqlangan ma’lumotlar asosida shakllanadi.
Ushbu ma’lumotda hozirgi kunga qadar bitiruvchilarning nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari ham inobatga olingan.
Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari va bandligini ta’minlash bo‘yicha ta’lim muassasalari, tuman va shaharlarning natijalari Xalq ta’limi vazirligi tahliliy natijalaridan so‘ng rasman e’lon qilinadi.
Shu o‘rinda, bugungi kunga qadar olingan tezkor ma’lumotlar asosida to‘ldirilgan mazkur jadval maktab o‘quvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha kunlik, tezkor, tahliliy va o‘zgaruvchan jadval bo‘lib (kunlik o‘zgarishlar kiritib boriladi), bu tuman, shaharlarning reyting o‘rnini belgilamasligini bildiramiz va ushbu ma’lumotni reyting sifatida qabul qilmasliklarini so‘raymiz” deyiladi VXTB xabarida.