“Ustozlar Milliy forumi”da faol o‘qituvchi va murabbiylar taqdirlandi
Avval xabar berganimizdek, bugun Samarqand shahrida uchinchi “Ustozlar Milliy forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forumda yaxshi natijalarga erishgan maktab direktorlari, o‘quvchisi mahalliy yoki xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar va soha fidoyilari taqdirlandi.
- Men 33 yildan beri biologiya, kimyo fanidan dars berib kelaman, - dedi Kattaqo‘rg‘on tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali o‘qituvchisi Dilfuza Nizomova. – Har yili tuman, viloyat respublika fan olimpiadalarida o‘quvchilarim ishtirok etadi. Bir narsaga xursandman, har yili o‘quvchilarimning yutuqlari ortidan maqtov yorliqlar olib kelaman. 2023-2024 o‘quv yilida o‘quvchim Kamoliddin Ozodov biologiya fanidan 10-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasida viloyatda birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, u xalqaro olimpiadalarning saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi hamda xalqaro ibn Sino olimpiadasida bronza medali sohibi bo‘ldi.
O‘tgan o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 14 nafari tabiiy fan yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ularning 6 nafari tibbiyot oliygohlariga o‘qishga kirdi. Men bundan juda xursandman. Mehnatlarim davlatimiz tomonidan e’tirof etilib kelinyapti. Masalan, 2021 yilda menga hukumatimiz tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni berildi.
- Men doirachilar to‘garagida 19 yildan beri dars beraman, unda oltmishga yaqin bolalar o‘qiyapti, - dedi Samarqand viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak rahbari Jamol Ibragimov. – O‘quvchilarim ko‘rik-tanlovlarda, festivallarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni olib kelmoqda. Ayni paytda shahrimizda bo‘lishi kutilayotgan “Sharq taronalari” festivali va mustaqillik bayramlariga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Kamtarona mehnatim bugungi forumda e’tirof etildi, bundan juda xursand bo‘ldim.
Shuningdek, forumda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2024” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Kattaqo‘rg‘on shahridagi 8-MTT tarbiyachisi Zulfiya Xidirova, tanlovning 3-o‘rin sohibasi 19-MTT tarbiyachisi Nazira Ochilovalarga pul mukofoti hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Kattaqo‘rg‘on shahridagi eng namunali tarbiyachi” guvohnomasi taqdim etildi. Ushbu pedagoglar oliy ta’limga suhbat asosida o‘qishga kirish imtiyoziga ham ega bo‘lishdi.