Uy-joy mulkdorlar shirkatlari faoliyatidan aholi rozimi?
“Yuksalish” harakati viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi va Toyloq tumanlaridagi uy-joy mulkdorlar shirkatlari va boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat jamoatchilik guruhi, O‘zbekiston NNTlar milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamda jamoatchilik vakillari tomonidan monitoring qilindi.
O‘rganish jarayonida ko‘p kvartirali uy-joylardagi kommunal xizmatlar, fuqarolarga yaratilgan shart-sharoit ko‘zdan kechirilib, qator kamchiliklar aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Paxtachi tumani Istiqlol mahallasida joylashgan 20-ko‘p qavatli uyda yashovchi bir guruh fuqarolar o‘zlari istiqomat qilayotgan uyda ichimlik suvi muammo ekanligini bayon qilgandi. Jamoatchilik guruhi aholi bilan uchrashib, muammoni o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, foydalanishga topshirilganiga endigina 3 yil bo‘lgan uyda yashovchilar toza ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Quruvchi tomonidan uyning yerto‘lasiga 1 tonnalik suv sig‘imi o‘rnatilgan, ammo bu suv 20 xo‘jalik uchun bir soatga ham yetmaydi. Xonadonlar egalari ushbu muammoni aytib, tumandagi bormagan yoki murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Hatto o‘zlari pul yig‘ib, qo‘shimcha 1 tonnalik suv baki o‘rnatishgan. Biroq bu idishlar muzlab, yorilib ketmoqda. Kamiga tuman suv ta’minoti tomonidan belgilangan grafik asosida beriladigan suv ham soat 18.00 dan boshlab o‘chirib qo‘yilmoqda. Oqibatda 20 ta xonadon butunlay suvsiz qolyapti.
O‘rganishlarda mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchilar hududdagi “Ziyovuddin Samtexkom xizmati” MChJ uy-joy mulkdorlar shirkatiga a’zo bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Chunki shirkatdagilar quruvchilarning chala ishlari ko‘pligi sababli kamchiliklarni tuzatishni o‘z zimmasiga olishni xohlamayapti.
Kattaqo‘rg‘on shahri Chinobod mahallasida 2021 yilda “Agromir Buildings” qurilish kompaniyasi tomonidan qurilgan 6 ta ko‘p qavatli xonadonlarda ham ahvol yaxshi emas. Jumladan, 94, 95, 96-ko‘p qavatli uylarning atrofi chiqindiga to‘lgan, yurish yo‘laklaridagi qoplamalar yorilgan, bino eshigi ta’mirtalab ahvolda, hovlidagi kafellar cho‘kib ketgan. Chiqindi qutilari sindirilgan. Liftlarning faqat bittasi ishlaydi. Yuqori qavatda istiqomat qiluvchilar uylariga shkaf, divan va boshqa jihozlarni olib chiqishning imkoni yo‘q. Obodonchilik ishlariga javobgar “Siti Smart” boshqaruv servis kompaniyasi ishchilarining e’tiborsizligi tufayli hovlidagi yoritish chiroqlari yonmaydi. Hatto uy devorlari yorilgan.
Toyloq tumanidagi 6 ta 9 qavatli uy-joyning foydalanishga topshirilganiga 3 yildan oshib qoldi. “Yangi Toyloq boshqaruv servis” MChJGA qarashli uylar atrofidagi hududda sanitariyaga zid holat ko‘zga tashlanadi. O‘tgan yillar ichida uylarni obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan biror marta mablag‘ ajratilmagan. Uylarni bunyod qilgan “Agromir Buildings” qurilish kompaniyasi tomonidan ham 2 yillik kafolat talablari bajarilmagan.
Shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 ta oilaga majburiy badalni to‘lab berish uchun tuman hokimligiga talabnoma kiritilganligiga qaramay “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan subsidiya mablag‘lari ajratilmagan. Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan hozirgacha faqat qo‘shimcha jihozlar uchungina mablag‘ ajratilgan, xolos.
Yangi uylar atrofida obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari qoniqarsiz ahvolda, sug‘orish tizimlari ishlamaydi.
Jamoatchilik o‘rganishlari yakunlari bo‘yicha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ro‘yxatga olingan oilalarga mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan majburiy badalni to‘lab berish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirgan holda mazkur hududlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik ob’yektlari, jumladan, savdo do‘konlaridan tushayotgan soliqlarni hududlarni obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borayotgan boshqaruv servis kompaniyalari va shirkatlarga sarflanishini ta’minlash yuzasidan huquqiy asos ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, masalani xalq deputatlari mahalliy Kengash sessiyalarida ko‘rib chiqish tavsiya etildi.
Elyor Hamroyev,
“Yuksalish” harakati viloyat bo‘linmasi rahbari, viloyat Kengashi deputati.