Uyda onlayn o‘qiyotgan bolalarning darslarda to‘liq ishtirok etishi mahalla xodimlari tomonidan tekshirib borilishi to‘g‘rimi?

AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva aholidan kelgan savollarga javob berdi.

➖ Uyda onlayn tarzda o‘qiyotgan bolalarning darslarda to‘liq ishtirok etishi, aniqrog‘i “davomati” mahalla xodimlari tomonidan tekshirib borilar ekan, shu to‘g‘rimi?

Uyda onlayn ta’lim olayotgan o‘quvchilar davomati va boshqa bir qancha jarayonlar nazoratini olib borish bo‘yicha vazirlik Yoshlar ishlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar xokimliklari bilan birgalikda doimiy hamkorlikda ish olib boradi. Jumladan:

➖ umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan olingan ma’lumotlar asosida onlayn tarzda uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularning onlayn darslarda muntazam ishtirok etishini o‘rganadi;

➖ o‘quvchilar davomatini o‘rganish jarayonida ularning ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazadi. Bundan maqsad o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarini o‘zlashtirishi, ruhiyatida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘rganadi. Shuningdek, bola ruhiyatida o‘zgarishlar aniqlangan taqdirda, hamkor tashkilotlar bilan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

➖ o‘quvchilarning kunlik davomati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi;

➖ karantinga olingan oilalarda tarbiyalanayotgan maktab yoshidagi bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni maktab rahbariyatiga taqdim etib boradi.

Asosiysi, fuqarolar yig‘ini raislari va profilaktika inspektorlari onlayn tarzda uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ta’lim olishlarini qat’iy nazoratga oladi hamda o‘z hududida “Davomat tadbirlari”ni tashkil etib boradi.