Uyda ta’lim olayotgan bolalarga qanday imkoniyatlar yaratilgan?

2020-2021 o‘quv yilida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarining jami 1324 nafar o‘quvchisi uyda yakka tartibda ta’lim olmoqda. Ularga 3370 nafar o‘qituvchi dars beradi.

Uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning 1264 nafari o‘zbek, 2 nafari rus tilida, 10 nafari tojik tilida o‘qiydi.

Ularning sog‘lig‘i, ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar, ular yashayotgan oiladagi ijtimoiy muhit viloyat prokuraturasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganildi.

O‘rganish natijasida tibbiyot sohasiga oid 331 ta, ta’lim sohasiga oid 227 ta, boshqa yo‘nalishlarga doir 136 ta muammo aniqlandi. Jumladan, 52 nafar bolaning nogironlik aravachasiga, 5 nafarining eshitish moslamasiga, 19 nafarining hassaga ehtiyoji borligi aniqlanib, ularning barchasiga ushbu jihozlar topshirildi.  Shuningdek, 138 nafari davolanish uchun tibbiyot muassasalariga biriktirildi.

Bundan tashqari, 9 nafar uyida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchiga 20 turdagi darslik, 21 nafariga doska, 16 nafariga parta, 7 nafariga o‘quv stuli, 54 nafariga turli o‘quv qurollari yetkazib berildi. Kitobxonlikka qiziquvchi 98 nafar bola badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 21 ta umumta’lim maktabiga yakka tartibda o‘qitilayotgan o‘quvchilarga ta’lim berish jarayonida foydalanish uchun noutbuk sovg‘a qilindi.

O‘rganishlar davomida bolalar yashayotgan oilalarning moddiy ahvoliga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan 31 nafar bolaga nafaqa tayinlandi, 7 nafar bolaning ota-onasi doimiy ishga joylashtirildi, bir nafariga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi.

Alovuddin OChILOV,

Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash sho‘’basi mudiri.