Uyda tayyorlash mumkin bo‘lgan mazali muzqaymoqlar
Yozning jaziramali kunlarida jonimizga oro kiradigan va salqinlik baxsh etadigan muzqaymoqlarni hamma birdek sevib iste’mol qilsa kerak. Biroq, ularni uy sharoitida ham tayyorlash mumkinligini ko‘pchilik bilmaydi. Quyida uy sharoitida tayyorlanadigan mazali muzqaymoqlarning retseptlarini keltirib o‘tamiz.
Sutli-tvorogli muzqaymoq
Kerakli masalliqlar:
125 gramm yog‘siz tvorog
2 ta tuxum
1 stakan sut (yog‘lilik darajasi 1%)
2 dona qulupnay
Ta’bga ko‘ra vanilinli shakar
Tayyorlash jarayoni:
Blenderda qulupnayni maydalaymiz. Tuxum oqini sarig‘idan ajratib olamiz. Tuxum oqini ko‘pik holiga kelgunicha ko‘pirtiramiz.
Vanilinli shakar qo‘shamiz va ko‘pirtirishda davom etamiz, sekin-asta bir xil massa hosil bo‘lgunicha tvorog va sutni qo‘shib boramiz.
Tuxum sarig‘ini qo‘shamiz va yana ko‘pirtiramiz. Hosil bo‘lgan massaga qulupnayni solamiz. Muzqaymoqni to‘la qotguniga qadar muzlatkichning muzxonasiga solib qo‘yamiz. Bunda 3 soat ichida har 30 daqiqada uni aralashtirib turamiz.
Malinali eskimo
Kerakli masalliqlar:
300 gramm malina
1 stakan yogurt (uncha yog‘li bo‘lmagan)
Ta’bga ko‘ra shakar
Tayyorlash jarayoni:
Malinani yuvib, quritamiz. Unga shakar qo‘shamiz va bo‘tqa hosil bo‘lguniga qadar blenderda maydalaymiz. Yogurtni qo‘shamiz va yana aralashtiramiz. Tayyor massani bir marta ishlatishga mo‘ljallangan stakanlarga solamiz va muzlatgichaga qo‘yamiz. Massani har soatda bir marta aralashtirib turamiz. To‘liq muzlab bo‘lmagan muzqaymoq haqiqiy eskimoga o‘xshashi uchun unga cho‘pchalar tiqib chiqamiz.