Uyi buzilgan fuqarolar deputatdan yordam so‘radi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati B.Nasriyev Samarqand shahridagi Juyi-chuqur mahallasida saylovchilar bilan uchrashib, bugungi pandemiya paytida ularning qanday hayot kechirayotgani bilan tanishdi.
Aholi bilan muloqot chog‘ida mahalladagi ehtiyojmand oilalarga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida moddiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Shu mahallada yashovchi M.Yakubov esa novvoylik bilan shug‘ullanish uchun kredit olishda deputatdan yordam so‘radi.
– Mikrokreditbank viloyat bo‘limi bilan bog‘lanib, saylovchimga kredit ajratishda yordam so‘radim va bu murojaat ijobiy hal etiladigan bo‘ldi, – deydi B.Nasriyev. – Mahalladagi 14 ta xonadon egalari 2018 yilda ularning uylari buzilib, o‘rnida “Fariddun Olam Nur” MChJ tomonidan ko‘p qavatli uy qurilayotgani va bu ish sust kechayotgani, qurilish korxonasi uy egalariga vaqtincha yashab turishlari uchun ijara to‘lovi ajratmayotganidan shikoyat qildi. Ushbu murojaat bo‘yicha mahallada shahar hokimining o‘rinbosari va “Fariddun Olam Nur” MChJ rahbariyati bilan gaplashib, masalani ijobiy hal qilish belgilandi.