Uyimiz qulab tushguncha masala hal bo‘lmaydimi?
Samarqand shahar, Lev Tolstoy ko‘chasi, 2-yopiq ko‘cha, 92-uyda istiqomat qilaman. To‘g‘risi, shu yilning may oyidan boshlab murojaat qilmagan joyim qolmadi. Ya’ni bizning muammomiz yomg‘ir yog‘ishi bilan boshlanadi. Shu yilning may oyida yoqqan yomg‘irlar sababli uyimizning yerto‘lasi suvga to‘ldi. Sababi, ushbu ko‘chadagi barcha suvlar bizning hovlimiz yonida to‘planadi. Yoz bo‘yi yerto‘lani quritishga harakat qildik.
Mana, hademay yana yomg‘ir mavsumi boshlanadi. Garchi bir nechta tegishli joylarga muammomizni aytsak-da, hech qanday chora ko‘rilmayapti. Ko‘chadagi ariq suvi shu yerda to‘planib, barcha suv yerto‘lamizga tushaverganidan yaqinda uy-joyimizga ham jiddiy shikast yetadi, degan hadigim bor. Turmush o‘rtog‘im hayot bo‘lganlaridaku, bu masalani o‘zlari hal qilardi. Ammo ayol boshimga qayerga borishni bilmayapman.
Qolaversa, shu ko‘chada, 90-uyda istiqomat qiluvchi qo‘shnimiz ham shu muammoga yechim topolmay ovora. Bizlarga kim yordam beradi?
Bilishimcha, obodonlashtirish boshqarmasi ko‘chalardagi ariqlarga mas’ul. Lekin ular har safar kelib, yelka qisib ketishdan nariga o‘tmayapti. Uyimiz avariya holatiga kelguncha qarab o‘tiraylikmi?
Mastura O‘sarova.
***
Tahririyatdan: Murojaat egasining "qator tashkilotlarga murojaat qilgan bo‘lsak-da muammomiz hal bo‘lmayapti" deganiga qaraganda, tegishli tashkilotlar fuqaroning dardini yetarlicha his qilolmagan. O‘ylaymizki, tez orada kerakli tashkilotlar holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, o‘z munosabatini bildiradi.