Men shikoyatchimanmi? Rais meni shunday deb haqorat qildi. Bu haqda hokimiyatga, mahallalarning kattasiga yozdim...
Savolni shunday qo‘yishga majburman! Avvalo, men gazetaning «shtatsiz» muxbiridek bo‘lib qolganimni boshqalar bilmasa ham sizlar yaxshi bilasizlar. Har oyda yozib turaman. To‘g‘ri, xatlarim gazetada chiqmaydi-yu, unda ko‘tarilgan «problemalar» hal bo‘lyapti-da.
O‘tgan oy ko‘mir masalasida sizlarga yozganimdan so‘ng tumandan va mahalladan odam kelib, besh xalta ko‘mir tashlab ketish chog‘ida mahallamiz raisi «arizabozlikni bas qiling endi, hadeb mahallamizdan shikoyat yozaverasizmi? Har yig‘ilishda hokim meni urishyapti. Masalangiz bo‘lsa, o‘zimga ayting, hal qilib beraman» dedi.
Ana, to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, deganlaricha bor-da. Jahlim chiqdi.
Shoshma, dedim raisga. Hali men arizaboz, shikoyatchi bo‘lib qoldimmi? Yozgan bo‘lsam, haqqimni so‘rab yozganman. Yoki bolalarning bir oylik nafaqa pulini olib qolayotganingni, fermerning xotini bo‘lgan singlingni «Ayollar daftari»ga kiritib, tikuv mashinasi berganingni, Amerikadagi ukangni ishsiz, deb hovlisida davlat puliga issiqxona qurib berganingni yozdimmi? Bekorchi yoshlarga berilishi kerak bo‘lgan yerni qarindosh-urug‘ing bilan bo‘lib olganing haqida hech qayerga yozmadimku hali, dedim. To‘g‘ri aytibmanmi?
Rostini aytsam, shular haqida yozmoqchi bo‘lib yuruvdim, lekin o‘zimning «problemalarim» ko‘payib ketdi-da. Eslaringda bo‘lsa, uch oy oldin roddomga tushgan qizimga do‘xtirlar yaxshi qaramagani haqida yozuvdim. Shu xatdan keyin so‘rov boshlanib ketdimi, qizimni uyiga kelib ko‘rishdi, ul-bul bozorlik ham qilib berishibdi, qishlog‘imizdagi QVP mudirasi bo‘lsa, har ikki-uch kunda qizimdan va nevaramdan xabar olib turadi hozir.
Yo‘limiz notekis, o‘ydim-chuqurligi sababli «Damas»imni har hafta remont qildirayotganim haqida viloyat hokimiga yozganimdan so‘ng, tuman yo‘lchilari kelib, darvozam oldigacha tosh to‘kib, tekislab berishdi. Men tufayli qishloqdoshlarimning ham muammosi hal bo‘ldi-ku.
Lekin bir yildan buyon bitta masalam hal bo‘lmayapti. O‘g‘limni armiyaga olishmayotgani haqida yozgandimku, hech shuning oxiriga yetolmayapman. Sizlardan tashqari, hokimiyatga, prokuraturaga ham yozdim, javob bir xil – o‘g‘lingizning salomatligi harbiy xizmatga olishga to‘g‘ri kelmaydi. Bu harbiylarga qaysi tashkilotning gapi o‘tishini bilmayapmanda. Bilganimda o‘shalarga yozardim. Mabodo sizlar bilmaysizlarmi, qayerga murojaat qilsam bo‘ladi?
Ha, ko‘mir haqida yozayotgandim. Xullas, ko‘mir masalasi yon qo‘shnim mahalladan beryapti ekan, deb darvozasi oldida bir moshina ko‘mir tushirib, aka-ukalari bilan bo‘lib olgach paydo bo‘ldi. Menam mahallaga borib, raisdan ko‘mir berishini so‘radim. Har bir oilaga 700 kilodan arzon ko‘mir berilar ekan, to‘rt-besh qo‘shni kelishinglar, bir moshin tushirib olasizlar, men xat qilib beraman, dedi. Men qarindosh-urug‘ bilan kelisholmayman-u, qo‘shnilar bilan kelishib ko‘mir olamanmi? Shartta o‘tirdim-u, sizlarga, «Xalq qabulxonasi» va hokimlikka ariza yozdim. Ana, xatning kuchi bilan tekin ko‘mirli bo‘lib qoldim.
Aytinglar, shunda men shikoyatchi bo‘lib qolamanmi?
Rais meni «shikoyatchi» deb haqorat qildi. Bu haqda hokimiyatga, mahallalarning kattasiga ham yozdim. Lekin hech narsa o‘zgarmayapti. Rais o‘z o‘rnida ishlab yuribdi.
Yaqinda eshitib qoldim, haqorat qilganlik uchun sudga murojaat qilib, pul undirish mumkin ekan. Sudga shunday murojaat qilsam bo‘ladimi yoki ularda alohida tartib bormi? Iloji bo‘lsa, shuni menga yozib yuboringlar!
Hozir nevaralarimdan internetda ishlash, telefonda videolar olishni o‘rganyapman. Bloger bo‘lmoqchiman. Shikoyat, ariza yozib yurmayman (o‘zi keyingi paytda ko‘zim ham xiralashib qolgan), video qilaman, internetga qo‘yib yuboraman. Shundan keyin ham meni birov shikoyatchi deb ko‘rsin-chi?!
Sh.A.