Yana bir katta sel kelsa chimqo‘rg‘onliklar yo‘lsiz qoladi(mi)?

Tahririyatimizga Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on mahallasi Yuqori Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Yahyoyevdan shikoyat xati keldi.

Unda shunday yoziladi: “Qishlog‘imizni mahalla markazi bilan bog‘lovchi yo‘l katta soy orqali o‘tiladi. Soydagi ko‘prik esa buzilganligi, ichki yo‘llarimiz ham ta’mirtalabligi sababli tuman hokimligi va Xalq qabulxonasiga murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmadi. Tuman hokimi nomidan kelgan javob xatida 2020 yil manzilli dastur asosida ajratilgan mablag‘ yetmaganligi sabab 2021 yilning uchinchi choragida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, deyilgan. Ungacha odamlar ko‘chaga chiqmaslik kerak ekan-da?!”

Shikoyat xatini o‘rganish maqsadida Ishtixon tumanida bo‘ldik.

Buzilgan ko‘prikdan umid uzilgan

Chimqo‘rg‘on mahallasiga borib, avvalo buzilgan ko‘prikning taqdiri bilan qiziqdik. Haqiqatdan ham mahallaning ikki qishlog‘i o‘rtasidan o‘tuvchi soydan yoz payti suv oqmas, ammo qish va bahor oylarida yog‘ingarchilik bo‘lsa, sel kelishi oqibatida mahalliy aholining harakatlanishi uchun xavf tug‘ilar ekan. Qishloq odamlari hashar yo‘li bilan ko‘prik qurishga bir necha bor uringan, ammo harakatlar besamar ketgan.

- 2019 yil tuman hokimi tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullardan birida shu masalada murojaat qilgandik, - deydi Yuqori Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Narzulla Jaynarov. – Hokimlik ko‘magi bilan ko‘prik qurilishi uchun 7 tonna sement, 4 yuk mashinasida tosh keltirildi. Hashar yo‘li bilan qurilish ishlariga kirishdik. Ko‘prik endigina bitayozganda katta sel kelib oqizib ketdi. Mustahkam ko‘prik qurilishi uchun katta ish kuchi va anchagina mablag‘ zarurligini bilib, hozircha umidimizni uzib turibmiz.

Piyodalar ko‘prigi ham omonat

Soydan o‘tish uchun piyodalarga mo‘ljallangan ko‘prik o‘tgan asrning 80-yillarida hashar yo‘li bilan qurilgan. Lekin bugun bu ko‘prik ham foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Shu paytga qadar tayanch vazifasini o‘tab kelgan ustunlarning ayrimlari qulab qolgan, qolganlarining o‘zi tayanchga muhtoj.

- Kattalarku bir yo‘lini topar, - deydi xat muallifi N.Yahyoyev. - Yuzdan ziyod maktab o‘quvchilari yog‘ingarchilik kunlarida shu ko‘prikdan o‘tishadi. Uning bir tomoni jarlikning “labi”da turibdi. Uni sel oqizib ketmasin, deb soy qirg‘og‘idan sal naridagi tol daraxtiga bog‘lab qo‘yganmiz. Bu ko‘prik ham yana bir yil dosh berishi mumkin. Keyin nima bo‘ladi, bilmaymiz. Ishqilib, biror falokat ro‘y bermasin-da, deb yurak hovuchlab o‘tiramiz.

Yo‘l jar yoqasida

Yuqori chimqo‘rg‘onlik o‘quvchilarning maktabga ushbu omonat ko‘pikdan o‘tmay, qo‘shni Qo‘shrabot tumani Qiyqim mahallasi orqali kelishi mumkin. Buning uchun 5-6 kilometr masofani bosib o‘tishi kerak. Ammo shu yo‘lning ham 130 metr qismi jar yoqasida. Sel oqibatida hosil bo‘lgan katta jarlik, nafaqat bolalar, balki kattalar uchun va avtoulovlarning harakatlanishiga juda xavfli. Agar yana bir katta sel kelsa, bu yo‘ldan ham yurib bo‘lmay qolishi kundek ravshan.

- Bu haqda bir necha marta tuman hokimligiga, deputatlarimizga murojaat qilganmiz, - deydi mahalla raisi Xolmirza Rabbimov. – To‘g‘ri, mutaxassislar o‘rganishga kelib, suratga tushirib ketishdi. Ammo natija bo‘lmayapti.

Mutasaddilar nima deydi?

Ular jim. Aniqrog‘i, tuman hokimligi mutaxassislari, yo‘l qurilishiga mas’ullardan tayinli javob olish qiyin bo‘ldi. Ular “buning uchun katta mablag‘ kerak, dasturga tushirish zarur”, deyishdan nariga o‘tmadi. Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umid Islomov esa o‘sha paytda ta’tilda ekan. Oradan besh kun o‘tib, u ishga chiqqanligi haqidagi xabarni eshitib, telefon orqali bog‘landik. Masalaga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldik.

- Chimqo‘rg‘ondagi ko‘prikni bir marta ta’mirlagandik, - deydi hokim o‘rinbosari U.Islomov. – Tosh yetkazib bergandik, 30 tonna sement ishlatilgan edi. O‘zim bosh bo‘lganman. Keyin tabiiy ofat – sel tufayli yana buzildi. Endi dasturga kiritish choralarini ko‘rib, zamonaviy, mustahkam ko‘prik qurish niyatidamiz. Yo‘l masalasiga keladigan bo‘lsak, ikki-uch kun ichida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi vakillari va mas’ul mutaxassislaridan iborat ishchi guruh bilan joyiga borib o‘rganamiz va muammoning yechimini topishga harakat qilamiz.

Mas’ullar mas’uliyatsizlik qilsa...

Mahalla fuqarolarining aytishicha, ko‘prikni ta’mirlashga 7 tonna sement ketgan,  hokim o‘rinbosari U.Islomov esa 30 tonna ishlatilgan, dedi. Aslida buzilgan ko‘prik qancha sement evaziga bunyod etilgan ekan-a?

Ko‘prik masalasini dasturga kiritish choralari ko‘rilayotganini hisobga olsak, uning yaqin orada bitishidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Ammo inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan jarlik va uning yoqasidagi yo‘l muammosi tezroq bartaraf etilmasa, mas’ullar mas’uliyatsizlik qilsa, turli ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?

To‘lqin SIDDIQOV,

“Zarafshon” muxbiri.