Shikoyat muallifi noma’lum, ammo qayd etilgan muammolar bor
Tahriyatimizga Toyloq tumanida yashovchi Sh.Saidovdan shikoyat xati keldi. Maktubda yozilishicha, “hududda tez-tez nasos buzilishi tufayli ichimlik suvida uzilish kuzatiladi, aholi esa bu vaqtda iste’molga yaroqli suv topishga qiynaladi. Misol uchun, 14-18 mart kunlari ham ichimlik suvida uzilish bo‘ldi. Bundan 5-6 yil oldin kam quvvatli, 1960 yillarda qurilgan bo‘lsa-da, yana bir qo‘shimcha vodosborniy bashnya bor edi. Toyloqning qoq markazi Chorog‘bon mahallasidagi bu suv inshootidan shunday paytlarda foydalanar edik. Afsuski, bu suv inshooti hozir yo‘q. Tuman markazidagi dehqon bozori esa tartibsiz va antisanitariya holatida bo‘lib, yozda chang, qishda loy bo‘ladi. Bozorning o‘rtasidan o‘tuvchi kanalga bozor chiqindisi tashlangani bois kanal yo‘li bekilib qolgan va bu yerdan doim badbo‘y hid keladi”.
Maktubda muallifning ism-sharifi, manzili ham, telefon raqami ham ko‘rsatilmagan. Xatjilddagi yozuvdan shikoyat muallifi Sh.Saidov ekanligini bildik. Xatda keltirilgan taman markazidagi Chorog‘bon mahallasi jumlasidan manzilni taxmin qilib shu mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Matluba Aminovaga murojaat qilib, Sh.Saidov bilan gaplashmoqchi ekanligimizni bildirdik.
Ikki soatcha vaqt o‘tgach, M.Aminova qo‘ng‘iroq qilib, mahallada beshta Sh.Saidov borligini aytdi.
– Hozir ularning har biri bilan uchrashdim, ammo hech biri biror joyga xat yubormaganligini aytdi – dedi mahalla raisi. – Kimdir ularning nomidan shikoyat xati yuborgan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha kunlari mahallamizda ichimlik suvida uzilish bo‘lgani rost. Chunki nasoslar eskirgan. Avvallari bu nasoslar boshqa tashkilotning hisobida bo‘lganligi uchun buzilgach tezda tuzatishardi, hozir boshqa joyga olib borib ta’mirlashga ancha vaqt kerak bo‘lyapti. Xatda keltirilgan bozor masalasiga kelsak, tuman markazidagi bozorning mas’ullari, qolaversa tozalikni nazorat qiluvchi sanitariya xodimlari bor. Ular kanalga chiqindi tashlab, atrofni ifloslantiruvchilarni nazorat qilishlarini bildirishdi.
Unda shikoyatni kim yuborgan? Nasoslar ta’miri uchun bir necha kun vaqt ketsa, bu vaqtda aholi ichimlik suvini qayerdan oladi?
O‘ktam Xudoyberdiyev.