@zarafshonbot‘ga murojaat: Suvchilar quvurni yamashdan, aholi murojaat qilaverishdan charchadi
Samarqand shahri Birlik mahallasi, Birlik ko‘cha, 1-tor yo‘lakdagi xonadonlardan murojaat qilyapmiz.
Beshinchi kundirki, ko‘chamizga tortilgan quvur teshilib, ichimlik suvi isrof bo‘lib ko‘chaga oqyapti. Oqibatda xonadon sohiblari ichimlik suvini qo‘shni uylardan tashib ichishga majbur bo‘lyapti.
Dard ustiga chipqon, deganlaridek, ushbu noxush holat oqibatida chiqindi tashiydagan mashina ko‘chamizga kirolmagani bois, haftalik chiqindilar ham olib ketilmasdan qolib ketdi.
Shahar, viloyat suv ta’minoti idoralariga qilgan murojaatlarimizga bir xil javob: “Brigadalarimiz joylarda ishlayapti. Bo‘shasin, yuboramiz!”.
Rostini aytganda, suv quvurlari teshilishi yuzasidan suv ta’minoti idoralariga oyiga ikki-uch bor murojaat qilishga to‘g‘ri kelyapti. Sababi, quvurlar muddatini o‘tab, yaroqsiz holga kelib qolgan. O‘zimiz mablag‘ to‘plab, yangilaymiz desak, suv quvurlarini ko‘mishda xandaq kovlash uchun texnika kerak. “Samarqand shahar suv ta’minoti” MChJ xodimlari bir yildan buyon “quvurlarni yangilash kerak”, deyishdan nariga o‘tmaydi.
Nahotki, shahar suv ta’minoti idorasi mahalla bilan kelishgan holda ushbu muammoni bartaraf etishning ilojini qilolmasa?!