“Uyingda hech narsa yo‘q ekanda-a?”

Mashhur beshiksoz hunarmandi Sodirbeshik oilasining “yangi mehmoni” - nevarasi Ashrafjonning aqiqa to‘yini o‘tkazyapti. Mehmonxonasida ellik-oltmish chog‘li qo‘ni-qo‘shni yig‘ilgan. Rasm-rusumlarga ko‘ra, imom Islomxo‘ja domla Sodirbeshikning o‘tib ketgan ota-onasi, qavm-qarindoshi ruhiga tilovat qilib, yaqinda tug‘ilgan nevaraga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab duolar qildi. Imomning ma’ruzasini jimgina tinglab bo‘lgan mehmonlar odob saqlagan holda yonlarida o‘tirgan sheriklari bilan sekin suhbatga kirishdi...
O‘rtada o‘tirib, hech kimga gap bermay javrayotgan Haydar lo‘tti barchani o‘ziga qaratib:
- Mehmonjonlar, mana bu dasturxon ustidagi noz-ne’matlarning barchasi sizlarga muntazir, marhamat, tanovul qilib o‘tiring. Darvoqe, uyingizda yo‘q narsalardan olingizlar, - dedi va qo‘llarini orkestr dirijyori kabi har tomonga uzatgan holda ikki lunjini to‘ldirib, dasturxonga tortilgan ne’matlardan iste’mol qila boshladi.
Haydar lo‘ttining bu qilig‘idan davrada o‘tirgan Ismoil boboning xunobi oshdi:
- Ey, Haydar lo‘tti! Hozirgina “uyingizda yo‘q noz-ne’matlardan yeb o‘tiring”, deb turuvding. Xatti-harakatlaringdan ma’lum bo‘ldiki, sening uyingda hech narsa yo‘q ekanda-a?
Boboning zardali kinoyasidan mulzam bo‘lgan Haydar lo‘ttining qovog‘i osildi, hovlini esa davradagilarning qah-qahasi tutdi.
Olimjon G‘AFUROV.