Uzoq umr ko‘rmasligimizga nima sabab?
Bugungi kunda yurtimizda 8 ming nafardan ortiq yuz yoshdan oshgan nuroniylar istiqomat qiladi. Ammo, bu raqamlar 33 million kishi istiqomat qilayotgan mamlakat uchun bu ko‘pmi yoki kam? Ayrim sharq davlatlarida yashovchi yuz bilan yuzlashganlar soni bir necha marta ko‘pni tashkil qiladi. Masalan, Yaponiyani olaylik. Qat’iy rejim, ertalabki badantarbiya va to‘g‘ri ovqatlanish yapon keksalarini jahonda eng ko‘p uzoq umr ko‘ruvchilar qatoriga qo‘shib qo‘ygan. Hozirda ularning soni 61,5 mingdan ortiq. Har yuz ming kishiga 48 nafardan to‘g‘ri keladi. Ularning o‘rtacha umr ko‘rishi ayollarda 86,8 yosh bo‘lsa, erkak qariyalarda 80,5 yoshni tashkil etadi.
Uzoq umr ko‘rishning sir-sinoati nimada?
Jismoniy tarbiyaning inson salomatligi uchun muhim ahamiyatga egaligini hamma biladi. U bilan muntazam shug‘ullangan kishilarning sog‘ligi mustahkam bo‘lish bilan birga irodasi kuchli, chidamli, mas’uliyatli bo‘ladi. Ammo, ko‘pchilik turli zararli odatlarga, jumladan, chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va ortiqcha ovqatlanish kabi holatlarga ruju qo‘yishlari tufayli o‘z salomatligini xatar ostida qoldiradi. Shuningdek, nosog‘lom turmush tarzi – umrni qisqartiruvchi turli kasalliklar, xususan, qandli diabet, yurak qon-tomir, onkologik kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi.
Afsuski, bizda salomatlikni asrash, umrni uzaytirish va sog‘lom turmush tarzi asosida mazmunli yashashni inson qachonki, boshi yostiqqa tegsagina chinakamiga qayg‘urishni boshlaydi. Ammo kimki tizimli ravishda mazmunli hayotga intilib yashab, sog‘lom turmush tarziga amal qilsa uzoq umr ko‘rishi mumkinligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi. Jumladan, turkiyalik eng keksa onaxon Fotimaxonim 164 yoshda ham evaralari safida yurgan bo‘lsa, Ozarboyjonlik M.Eyvazov 152 yoshda ham o‘zini dadil va tetik his qilgan ekan. Bu kabi misollar yurtimizda ham topiladi. Qoraqalpog‘istonda istiqomat qiluvchiYu.Kulakov 82 yoshda ham o‘zini xuddi 40 yoshli yigitlardek tetik his qilishini aytadi. U keksa bo‘lishiga qaramasdan hamon sog‘ va baquvvat ekanligini har kuni erta tongdan bir necha masofa yugurishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, shuningdek, toza havoda bir necha kilometrlab piyoda yurishini aytdi.
Tibbiyot fani otasi Ibn Sino o‘z asarlarida uzoq umr ko‘rishning siri jismoniy mashqlarni bajarish, to‘g‘ri ovqatlanish va o‘z vaqtida uxlash ekanligini bejizga keltirmagan. Shu boisdan, dunyoning rivojlangan davlatlarida jismoniy tarbiya va sportni nafaqat sog‘lik uchun, balki jamiyat barqarorligida ham inson salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish omili deb hisoblaydi.
AQShda sog‘lom turmush tarzi keng ommalashgan bo‘lib, bu maktab o‘quvchilari, kollej va universitet talabalarigacha barchasini qamrab olgan. Shvetsiyada ham 33 foiz aholi muntazam ravishda fitnes klublarga qatnaydi. Ishga velosipedda borishadi. Finlyandiyada aholining 72 foizi, avstraliyaliklarning 70 foizi sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanar ekan.
Sog‘lom turmush tarzini, ayniqsa, yevropaliklar juda qadrlashadi. Jumladan, sloveniyaliklar ham jahonda eng uzoq umr ko‘ruvchilar sirasiga kiradi. Ularning o‘rtacha yoshi erkaklarda 77 bo‘lsa, ayollarda 84 yoshni tashkil etadi. 61 foiz sloveniyalik o‘z sog‘ligini mustahkamlasa, 24 foizi o‘z vaznini doimo nazorat qilib boradi.
Xitoyda jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha maxsus qonun va 15 yilga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilgan. Birgina o‘yingohlar soni 9000 tani tashkil etadi. Bu davlatda qonun, tartib-intizom, davlat ko‘magi va biznesni to‘g‘ri rag‘batlantirish hisobiga sport bilan shug‘ullanish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, ommaviy sport tadbirlari buyruqbozlik bilan emas, balki fuqarolarda o‘zini-o‘zi boshqarish ko‘nikmasining ustuvorligi yuqori ekanligi bilan farq qiladi.
Xidirali BOTIROV.
Zavqiddin BOZOROV.