«Uzumdan tatib ko‘rmaymizmi?»
Yurtimizda yetishtirilgan noz-ne’matlar butun dunyoga mashhur. Qaysi davlatga bormang, mevalar xarid qilinayotganda, albatta, O‘zbekiston degan yozuvga ahamiyat beriladi. Chunki mevalarimiz yilning 280 kuni quyosh nuridan bahramand bo‘ladi. Shuning uchun jahon bozori talabiga javob beradi. Ayniqsa, uzumlarimiz.
To‘raqul Yo‘ldoshev (rahmatli) respublika hukumatining Moskvadagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan 1987 yillar edi. Toshkent shahrida u kishi bilan suhbatlashib qoldim. Shunda qiziq voqeani aytib berdi.
“Men respublikamizdan Moskvaga olib borilgan meva-sabzavotlar sifatiga javobgar shaxsman, - deya gap boshladi To‘raqul aka. - Bir kuni kechasi “Oktyabr” meva-sabzavot bazasi direktori telefon qilib, “Bizning bazaga bir kelsangiz, hozir Boris Nikolayevich ham keladi, bir narsaga oydinlik kiritib olsak...”, dedi. Boris Yelsin o‘sha vaqtlarda Moskva shahar qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimida ishlardi.
Borsam, baza direktori ham, mas’ullar ham bir nimadan norozi.
- Mana, O‘zbekistondan kelgan o‘n bir vagon uzumning sifati yomon, ezilgan, - dedi baza direktori menga qarab. - Boris Nikolayevichga ham aytdim.
Unga uzumning holatini tushuntirishga kirishishim bilan, besh-o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas Yelsin kirib keldi. Mahsulotni ko‘rmasdan “Siz o‘zbeklar shu-da, o‘tmas matohingizni o‘tkazmoqchi bo‘lasiz, dedi, so‘ng baza direktoriga «Bunaqa mahsulotni olmang, qaytarib olib ketsin», deb buyruq berdi.
Avvaliga o‘zim ham ikkilandim, so‘ng quti to‘la uzumni ko‘zdan kechirdim: sifati a’lo, qiyomiga yetib bir-ikki donasi yorilgan, tilladek tovlanib turibdi.
Boris Nikolayevich Ozarbayjondan keltirilgan uzumga ishora qilib:
- Mana shunday durkun bo‘lsa olinglar, - dedi.
Baza direktoriga har ikki qutidagi uzumdan bir boshdan yuvib kelishini iltimos qildim. Ikki likopchada ikki bosh uzumni yuvib keldi.
- Tatib ko‘ring, - deb Boris Nikolayevichga murojaat qildim.
U jahl ustida Ozarbayjon uzumiga qo‘l cho‘zdi va bir dona og‘ziga soldi-yu, shu zahoti tuflab tashladi. Uncha xushlamay bizning uzumdan oldi. Og‘ziga solgan zahoti ko‘zlari chaqnab ketdi, o‘sha bir bosh uzumni qanday yeganini o‘zi ham bilmay qoldi. Shunda u kishiga uzum shira bog‘lasa, yorilishini aytdim.
- Zo‘r-zo‘r. Uzumga gap yo‘q, juda shirin ekan, - dedi va hayratlanib savol berdi. - Nega Ozarbayjon uzumi ko‘rimli-yu, maza-matrasiz? O‘zbekiston uzumi aksincha, juda mazali.
- Bunga yurtimiz quyoshi sabab, yana yer, suv va parvarishga ham bog‘liq. Xalqimiz astoydil mehnat qiladi, - dedim faxr bilan. - Boris Nikolayevich, hali ham uzum o‘n olti kun yo‘l bosgan, tokdan uzilgan holda yesangiz, o‘zbek bog‘boniga tasanno deysiz.
Yelsin kulib:
- Demak, ayb - temiryo‘lda, buni tartibga solamiz, - dedi.
Shundan ancha vaqt o‘tib, Boris Nikolayevich Rossiya Prezidenti bo‘ldi. Bir safar mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelganda yonidagilarga “Uzumdan tatib ko‘rmaymizmi?”, degan ekan”.
Abdurahmon YuLDAShEV,
Toshkent viloyati, Qibray tumani.