V Xalqaro olimpiada: dunyoning yigirmaga yaqin davlatidagi tibbiyot oliygohlari talabalari Samarqandda bellashdi

13-14 dekabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Samarqand-2020» tibbiyot oliygohlari talabalarining V Xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi.

Universitet tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda tashkil etilib kelinayotgan mazkur musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazish va ularni munosib taqdirlash, balki xalqaro do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishi hamda tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangi hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga turtki bo‘lmoqda.

Yuqori saviyada tashkil etilgan olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Ukraina va Belarus, Janubiy Koreya kabi jahonning yigirmaga yaqin davlatlarining 100 dan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 730 dan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 4 mingga yaqin onlayn tarzda talabalar, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar  vaziri Kongratbay Sharipov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliygohlari rektorlari beshinchi bor tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

«Samarqand-2020» tibbiyot oliygohlari talabalarining V Xalqaro olimpiadasi doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritayotgan hamda o‘z salohiyati va mehnati bilan universitetda namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh xorijiy davlat OTM professor o‘qituvchilariga universitetning «Faxriy professori» unvoni topshirildi.

O‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar tibbiyotning 40 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha ikki bosqichda test sinovlari va amaliy ko‘nikmalar asosida bellashdi. Shu bilan bir qatorda an’anaviy tarzda qatnashayotgan 730 dan ortiq talaba o‘z amaliy bilimlarining jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simuliatsion robotlari orqali ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Olimpiada doirasida Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining ma’ruzalari tashkil etildi.

Olimpiadaning yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.