Vatan ishqida yongan ijodkor

Musiqa shunday narsaki, uning ohangidan kishining qalbi orom oladi. Bu oromni barcha san’atkorlar ham tinglovchiga bera olmasligi mumkin. Ammo bu insonning yuragidagi musiqaga bo‘lgan otashin muhabbat, iste’dodlarni kamol toptirish yo‘lidagi jonkuyarlik, Samarqand musiqa ilmini o‘rganish, uni sayqallantirishdagi fidokorlik uncha-muncha odamda uchramaydi. Samarqand viloyatida musiqa san’atini rivojlantirish va targ‘ib etishda, yosh avlodga musiqa sirlarini o‘rgatishda jonbozlik ko‘rsatib kelgan iste’dodli bastakor, xonanda va mohir xor dirijyori, Samarqand davlat universiteti dotsenti Javodbek Kozimov mana shunday jonkuyarlardan edi.
1960 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan xonanda sobiq Sadriddin Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika instituti musiqa ta’limi bo‘limida o‘qidi. Bastakor ijodida vokal janri yetakchi ahamiyat kasb etardi. Uning qo‘shiqlari va xor uchun yozilgan asarlarida Vatan madhi, vatanparvarlik ruhi jo‘sh urib turardi.
Ustoz san’atkor, mohir pedagog, kamtarin inson Javodbek Kozimovni 33 yildan buyon bilaman. Shundan 5 yili talabalik davrim bo‘lsa, 28 yil hamkorlikdagi ish faoliyati. 1987 yillar talabalik davrimizda J.Kozimovning yorqin ijodi davrlari edi. Radio, televideniyeda qo‘shiqlari tinimsiz yangrab turar, ayniqsa, “Bor bo‘lsin muhabbat” qo‘shig‘i biz, yoshlar orasida mashhur qo‘shiqqa aylangan edi. Hatto, ba’zi talaba-do‘stlarimiz bir kassetaga faqat shu qo‘shiqni yozdirib tinglab yurishardi. Aksariyat yoshlar uning kuylashiga, kiyinishiga taqlid qilishgan. Ustoz maqom va mumtoz kuy-qo‘shiqlar bilimdoni, lirik xonanda bo‘lish bilan birga, xor sinfi, dirijyorlik, musiqa nazariyasi, solfedjio, cholg‘u ijrochiligi kabi mutaxassislik fanlarni ham mukammal egallagan edi. J.Kozimov noyob iqtidori tufayli Samarqand davlat pedagogika instituti musiqa-pedagogika fakulteti birinchi bosqich talabasi bo‘lgan davridayoq Samarqand shahrida iste’dodli yoshlardan tashkil topgan “Yoshlik taronalari” ashula va raqs ansamblining musiqa rahbari etib tayinlangan. Vaholanki, ushbu ansambl tarkibida musiqa-pedagogika fakultetining yosh o‘qituvchilari ham bo‘lishgan.
1992 yil o‘qishni tugatib, ustoz, san’atshunos olim Nodirxon Valixo‘jayev taklifi bilan musiqa nazariyasi va tarixi kafedrasida ishda qoldim. Yosh o‘qituvchiman. Oilam bilan ijarada yashayman. Qishda shamollab kasal bo‘lib qoldim. Shunda Javodbek Kozimov ijarada yashaydigan uyimizga bozor-uchar bilan kelib, qo‘limga pul ham tutqazdi. “Topganingda qaytarasan-da, ukam”, dedi. Ustoz mana shunday kamtarin inson edi.
Samarqand viloyatining Urgut, Payariq, Past Darg‘om, Charxin qo‘rg‘onida insonlar havas qilib farzandlariga Javodbek ismini berishganiga guvohman. Bir kuni tumandan bir nechta san’atkor do‘stlarimiz yo‘qlab kelishdi. Suhbatimiz qizib, Usmon ismli paxtachilik do‘stimiz Javodbek Kozimovning qo‘shiqlariga qiziqishini, bir suhbatlashish orzusida ekanligini aytdi. Men ularni vaqt allamahal bo‘lganiga qaramay ustozning uyiga mehmonga olib bordim. Javodbek aka bizni ochiq chehra bilan kutib oldi va ijodiy suhbat tonggacha davom etdi. Bu xonadonda Otajon Xudoyshukurov, G‘anijon Toshmatov, Ismoiljon va Isroiljon Vahobov kabi respublikada taniqli san’atkorlar, yozuvchilar mehmon bo‘lishgan.
J.Kozimov musiqa rahbarligida hamda qo‘shiq muallifligida qator yillar «Nihol» talabalar teatr festivalida, «Barhayot an’analar» folklor festivalida, Madaniyat va sport vazirligi tomonidan o‘tkazilgan badiiy havaskorlik jamoalarining «Diyor ohanglari» televizion festivalida Burxon Islomov she’riga J.Kozimov o‘zi bastalagan «Ozod Vatan» qo‘shig‘i bilan qatnashib, I-o‘rinni egallashga sazovor bo‘ldi. Uning oxirgi “SamDU talabalar madhiyasi” xor asari Samarqandda o‘tkazilgan respublika oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida “Yil talabasi - 2020” ko‘rik-tanlovining taqdirlash marosimida yangradi va katta olqishlar oldi.
Sh.MUSTAFOYeV,
SamDU musiqa ta’limi kafedrasi mudiri, dotsent.