Vatan rasmi yurakka chiziladi: Kecha. Bugun. Ertaga

Televizorda jurnalist qiz vatan haqida gapirayotganini eshitgan 4 yoshli jiyanim meni savollarga ko‘mib tashladi:

– Amma, Vatan nima degani?

– Vatan bu – bizning uyimiz, – kulibgina javob qila boshladim bolalarcha…

– Ha, akamning darsxonasi, Abdullohning beshigi, – gapimni bo‘ldi u. – Qushlarning ham vatani bo‘ladimi?

– Albatta, qushlarning ham, hayvonlarning ham vatani bo‘ladi.

– Qushlarning vatani daraxt tepasimi?

– Ha, bilarkansanku!

– Vatanning rasmini qog‘ozga chizsa bo‘ladimi?..

– Vatan rasmi qog‘ozga emas, yurakka chiziladi.

– Yurakka qanday qilib chiziladi?

– Buni katta bo‘lganingda tushunib olasan.

Kecha

Jiyanim kabi bola edim. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im Navkatni vatan deb tushunganman. O‘sha vatanimda sanoqligina uylar bo‘lardi. Atrofi esa lalmi bug‘doyzor va yaylov edi. Mavjud uylarning ham aksariyati tomi shiferlanmagan, ko‘rimsiz, pastqam edi.  Qishda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lsa, ayrim tomsuvoq uylardan chakka o‘tardi. Ammo birgina ahamiyatli jihati, qishloq aholisi bir-biriga mehribon edi. Yozda kimdir tom ustini suvoq qilishga qirishsa qo‘lidan ish keladigan qishloqdoshlar hasharga otlanardi. Biznikida eski “Vesna” rusumli televizor bo‘lardi. Unda faqatgina Rossiyaning bittagina kanalini tomosha qilish mumkin edi. «O‘zbekiston» kanalini ko‘rish uchun tomda turgan antennani burash yoki balandroqqa ko‘tarishga to‘g‘ri kelardi. Shu «rangsiz» oddiy televizorga ham ko‘pchilik havas qilardi. O‘sha paytlarda 4-5 uydagina shunday oq-qora rangda ko‘rsatadigan televizor bo‘lardi. Qiziqarli ko‘rsatuv yoki serial bo‘lsa, ko‘pchilik qo‘ni-qo‘shnilar bitta uyga yig‘ilishardi. 

Biror joyga boradigan bo‘lsak, sahardan yo‘lga chiqishga to‘g‘ri kelardi. Bittagina avtobus qatnardi. Shu bilan viloyat yoki tuman markaziga borib-kelishga ulgursang ulgurding, aks holda boshqa transport bo‘lishi amri mahol edi. Ba’zida shu avtobusni ham soatlab kutardik.

Bugun

Bugun-chi? Tog‘lar orasidagi qishlog‘imizda ham hashamatli uylar, ko‘p qavatli ko‘rkam binolar qad rostlagan. Har bir xonadonda ikki-uchtadan zamonaviy televizorlar mavjud bo‘lib, ularda bolalar, yoshlar, kattalar uchun, qolaversa hammabop kanallar orqali istagan ko‘rsatuv yoki filmlarni tomosha qilish mumkin. Har ikki hovlining birida shaxsiy avtomashina.

– Yoshim yetmishdan oshdi, – deydi Muso bobo Ismoilov. – Noshukurlik qilmaymanu, ammo bosib o‘tgan umrimning yarmigacha qishlog‘imizda deyarli o‘zgarish sezmagandim. O‘zbekistonimiz mustaqil bo‘lgandan keyin tushimizda ko‘rmagan yangiliklar bo‘b ketdi-ku. Ayniqsa, keyingi 3-4 yil ichida. Mana masalan, internetni olaylik, nevaralarim maktabdagi o‘qituvchisidan shu tarmoq orqali saboq olayotgan emish. Biz-chi? 10 kilometr uzoqlikdagi maktabga qish-qirovli kunlarmi, jazirama issiqmi goh piyoda, goh eshak minib qatnardik.

Ertaga

Sarlavhaga “Kecha, bugun” so‘zlaridan keyin “ertaga”ni ham qo‘shib, endi ertaga nima bo‘lishini men qayerdan bilaman, nimalar haqida yozsam ekan, deb maqolamni tugatolmay o‘ylanib yurganimda yana jiyanim gapirib qoldi:

– Amma, bilasizmi katta bo‘lsam uchuvchi bo‘laman. Bog‘chamizday keladigan uzun samolyotim bo‘ladi. Amakimning molxonasining orqasidagi keng joy borku, o‘sha yerga samolyotimga vatan quraman.

Orzuga ayb yo‘q. Bolaligimda ko‘p qavatli maktabda o‘qishni niyat qilardim. Bugun ko‘p qavatli binoda ishlayapman. Ajabmas, jiyanim katta bo‘lguncha qishlog‘imiz shaharchaga aylanib, zavod va fabrikalar qurilsa.  Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar yuk samolyotlariga ortilib, xorijga eksport qilinsa...

Dilnoza HASANOVA, Qo‘shrabot tumani.