Vazir rahbarligidagi ishchi guruh maktablarda 70 dan ortiq kamchilik aniqladi

Avval xabar qilganimizdek, viloyatda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov rahbarligida ishchi guruh maktablar faoliyatini o‘rganmoqda.

Ishchi guruh umumiy o‘rta ta’lim maktablarida epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Bugungi kunda viloyatdagi 1255 ta maktabning 1218 tasi yangi o‘quv yiliga tayyor holga keltirilgan. 51 maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ularning 14 tasi 14 sentyabrga qadar foydalanishga topshiriladi, 37 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari davom etadi.

Maktablarda qo‘ng‘iroqlar chalinmaydi

Maktablarning faoliyati an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yilishi oldidan har bir tuman va shahardagi maktablar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosasi beriladi. O‘quvchilarning an’anaviy yoki onlayn ta’lim shakliga jalb etilishi, o‘qituvchilarning test topshirganligi holati, maktabning dozator, pirometr, antiseptik vositalar hamda tibbiy niqob bilan ta’minlanganligiga e’tibor qaratiladi va qat’iy nazoratga olinadi.

O‘quvchilar maktabga bir vaqtda kelmaydi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari soat 08:00 da kelsa, o‘rta sinflar 08:30 da, yuqori sinflar esa 09:00 da keladi. Tanaffuslar ham xuddi shunday tartibda bo‘ladi va o‘quvchilarning bir vaqtda to‘planishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuning uchun maktablarda qo‘ng‘iroq chalinmaydi.

Bundan tashqari, har bir maktab kirish yo‘lagiga 2 metrlik masofada chiziqlar chiziladi. O‘quvchilar masofa saqlagan holda binoga kiritiladi, dars tugagach, boshqa eshikdan chiqariladi. Dars mashg‘ulotlarida o‘qituvchi va o‘quvchilar tibbiy niqobda bo‘ladi. O‘quvchilar ota-onalar tomonidan tibbiy niqob bilan ta’minlanadi, faqat kam ta’minlangan oila farzandlariga har kuni 2 donadan niqob beriladi.

69,5 foiz ota-ona an’anaviy ta’lim shaklini tanladi

4-8 sentyabr kunlari viloyat bo‘yicha 64 ta maktabda o‘quv jarayonini boshlash bo‘yicha namunaviy seminar-treninglar tashkil etildi. Treninglarda bolalarga umumta’lim muassasalarida karantin qoidalariga rioya qilish tartibi tushuntirildi. Xuddi shunday seminarlar boshqa maktablarda ham o‘tkazilmoqda.

Joylardan berilgan takliflarga ko‘ra, maktablar bosqichma-bosqich o‘z faoliyatini boshlaydi.

- 9 sentyabrdan boshlab barcha tuman, shahar markazlarida 1 tadan jami
16 ta maktab;

- 10 sentyabr kuni markazdan chetda joylashgan 16 ta maktab;

- 11 sentyabr kuni 71 ta maktab;

- 12 sentyabr kuni 110 ta maktab;

- 14 sentyabr kuni 1042 ta maktab o‘z faoliyatini boshlashi belgilangan.

O‘quvchilarni ta’lim jarayoniga jalb qilish borasida bugungi kunga qadar 686 ming 485 nafar (93 foiz) ota-ona bilan muloqot qilindi. Shundan 477 ming 341 nafar (69,5 foiz) ota-ona an’anaviy ta’lim shaklini, 209 ming 144 nafari (30,5 foiz) esa masofaviy ta’lim shaklini tanladi.

15 ming 350 nafar pedagog COVID-19 virusini aniqlash bo‘yicha test topshirdi

Hozirgacha viloyatdagi 704 maktabda dars jarayonlarini tashkil etish hamda kirish-chiqish sxemalari ishlab chiqilib, tayyor holga keltirildi. 799 ta maktab tuman SEO markazlari tomonidan o‘rganilib, shundan 423 tasi faoliyatini boshlashga tayyorligi aniqlandi.

Maktablar o‘z faoliyatini an’anaviy tarzda boshlashi uchun tuman hokimliklari taklifiga asosan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi lozim. Shundan so‘ng maktablar ochilishiga ruxsat beriladi.

7 sentyabr holatiga ko‘ra, viloyatda 15 ming 350 nafar (26 foiz) pedagog COVID-19 virusini aniqlash bo‘yicha PZR testlarini topshirdi.

Maktablarning quvvati va o‘quvchi sonidan kelib chiqib, viloyatdagi maktablarga:

- 1155 nafar shifokor;

- 1001 nafar IIB xodimi;

- 573 nafar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi;

- 1055 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini xodimi biriktirildi.

Maktablarga 2 mlrd. 280 mln. so‘m mablag‘ ajratildi

Viloyat maktablariga 9138 ta dozator, 2355 ta pirometr, 308 ming 454 litr antiseptik vositalar hamda kam ta’minlangan oila farzandlari uchun 2 mln. 566 ming 288 ta tibbiy niqobga ehtiyoj borligi aniqlandi. 

Viloyat hokimligi tomonidan mahalliy byudjet hisobidan maktablarga pirometr va dozator vositalarini xarid qilish uchun 2 mlrd. 280 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. O‘qish boshlangunga qadar barcha maktablar talab etilgan sanitariya-gigiyenik vositalar bilan to‘liq ta’minlanadi.

Ishchi guruhining umumiy o‘rta ta’lim maktablarining epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘rganish ishlari davomida 123 ta maktabda 71 ta kamchilik aniqlandi va shundan 62 tasi bartaraf etildi. Masalan, ishchi guruh Nurobod tumani maktablarini o‘rganganida 13-, 28-, 67-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ichimlik suvi muammo ekani aniqlandi. Ushbu muammoni hal etishni tuman hokimligi o‘z zimmasiga oldi, ya’ni har kuni maktabga suv tashib keltirish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘rganish ishlari 14 sentyabrgacha davom etadi.

Qo‘ldosh SAIDOV,

viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.