Viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari tayinlandi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan negativ ma’lumotlar ortidan bu lavozim vakant bo‘lib qolgandi.

Vazirning tegishli buyrug‘iga ko‘ra, Xushvakov Dilshod Muradullayevich viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

D.Xushvakov 2020 yildan tayinlovga qadar viloyat hokimligida yetakchi mutaxassis sifatida ishlagan.
1988 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan. Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti, shuningdek, Samarqand davlat universitetini tamomlagan.
Shuningdek, D.Xushvakov 2014–2016 yillarda viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasida, 2017–2019 yillarda viloyat hokimligida ishlagan. 2019–2020 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi kadrlar bo‘yicha bosh inspektori sifatida faoliyat yuritgan.