Viloyat hokimi Paxtachida ikki kunlik qabul o‘tkazdi
27-28 aprel kunlari viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Paxtachi tumanida tadbirkorlar, yoshlar va ayollar hamda aholi bilan ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi.
Dastlab tadbirkorlar hamda bunday faoliyat bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar tuman hokimligida qabul qilindi. Ularni qiynab kelayotgan masalalar yechimi yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Shu kunning o‘zida E.Turdimov Paxtachi tumani 1-sektorida xotin-qizlar murojaatlarini tingladi. Hududda “Ayollar daftari”ga kiritilganlar bilan olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, bu borada amalga oshirilishi va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.
28 aprel kuni viloyat hokimi dastlab sobiq Paxtachi avtomobil va yo‘llar kolleji hududida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning murojaatlarini tingladi. Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda tuman yoshlarining ko‘plab murojaatlari shu joyning o‘zida hal etildi. Masalan, tumanning Qirguli mahallasidan kelgan Ma’mura Bahromova kasbi o‘qituvchi. Bundan tashqari, o‘zi mental arifmetika bo‘yicha o‘quv markaz tashkil etib, bolakaylarga zamonaviy uslubda bilim bermoqda. U faoliyati davomida kompyuterlarga ehtiyoj sezayotgandi.
Sayyor qabulda M.Bahromova viloyat hokimidan o‘quv markazi faoliyatini rivojlantirish maqsadida besh dona kompyuter olishda ko‘mak so‘radi. E.Turdimov shu joyning o‘zida Markaziy bank xodimlariga tadbirkor yoshga zarur miqdordagi kompyuter sovg‘a qilishni aytdi.
Shu kuni Ziyovuddin shaharchasidagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi tibbiyot texnikumida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda 450 dan ziyod og‘zaki va yozma murojaat ro‘yxatga olindi.
– Kasbim bo‘yicha konchilik mutaxassisiman, – deydi Keshtali mahallasida yashovchi Mirza Eshmamatov. – Ammo birmuncha vaqtdan beri egallagan yo‘nalishimda ish topolmayotgandim. Viloyat hokimidan murojaatimga ijobiy javob oldim. Nasib qilsa, kelgusi haftadan o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlaydigan bo‘ldim.
Izzatulla Norquvvatov,
Jamolbek Salomov.