Viloyat hokimi sovrini – “Spark” sohiblari aniqlandi

Samarqand shahrida sportning milliy kurash turi bo‘yicha viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro musobaqa yakunlandi.

Musobaqada Indoneziya, Tojikiston va Qozog‘iston hamda yurtimizning 60 dan ortiq sara polvonlari uch vazn toifasida kuch sinashdi.

73 kilogramm vaznli polvonlar o‘rtasida kechgan murosasiz bahslarda andijonlik Rahmatilla Nuriddinbekovga teng keladigan raqib topilmadi. 90 kilogramm vaznda samarqandlik Muhammadali Shamsiddinov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 90 kilogrammdan og‘ir vaznli polvonlar bellashuvida mutlaq g‘oliblik xorazmlik Boltaboy Boltayevga nasib etdi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ushbu polvonlarga musobaqaning bosh sovrini – “Spark” avtomobillarining kalitini topshirdi.

Shuningdek, musobaqaning 2-3 o‘rin sohiblari, faol kurashgan sportchilar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Husan ELTOYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).