Byudjet puli hisobsiz emas
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi, yuzinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.
Bu galgi sessiyada ham viloyat hayoti bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining viloyatdagi ijrosi bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayevning hisoboti eshitildi.
X.To‘xtayev mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilinib, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 46 maqsad va 89 ta vazifadan iborat 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganini qayd etdi. Ayni paytda ushbu dasturda belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 90 ta maktabni rekonstruksiya qilish va 4 ta maktabni yangidan barpo etish bo‘yicha qurilish va ta’mirlash ishlari boshlangan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarga kasbga o‘rgatishni tashkil etish bo‘yicha har bir shahar va tumandan 5 tadan, jami 80 ta maktabda mazkur amaliyot yo‘lga qo‘yilgan. Bu maktablarni jihozlash uchun 4 milliarda 485 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Hozirda ushbu maktablardagi 292 to‘garakda 14 ta yo‘nalishda kasblar o‘rgatilmoqda.
Dasturda joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 7 ta talabalar turar joylari qurish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 6 ta oliy ta’lim muassasasida qurilish ishlari boshlangan. Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida esa yotoqxona uchun yer masalasi aniq bo‘lib, iyul oyidan qurilish ishlari boshlanadi.
Shuningdek, dastur doirasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish va ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, “og‘ir toifa”dagi yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga yo‘llar, korxona va tashkilotlarda qo‘shimcha qulayliklar yaratish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining viloyat mahalliy byudjetining 2023 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev axborot berdi.
Hisobotda sanoat, iqtisodiyot, soliq tushumlari, ijtimoiy sohalar bilan bog‘liq natijalar tanqidiy tahlil qilinib, har bir masala bo‘yicha xulosalar berilib, vazifalar belgilangani ta’kidlandi.
Xususan, 2022-2023 yillarda viloyat bo‘yicha 30 ming 904 gektar yer maydonini ijaraga berish yuzasidan 54148 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, ularning normativ qiymati 1 trillion 367,3 milliard so‘mni tashkil etgan. Mazkur yer maydonlarining umumiy ijara summasi 2022-2023 yil uchun 230,4 milliard so‘mni tashkil etsa-da, atigi 7,2 milliard so‘mi undirilgan.
Byudjet mablag‘lari hisobidan 2023 yilda qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda g‘aznachilik organlaridan ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomalar asosida 182 holatda 28,3 milliard so‘mlik, shundan davlat ijro organining ijro hujjatlarisiz 145 holatda 26,1 milliard so‘mlik to‘lovlar sud hujjatlari orqali amalga oshirilgan.
Viloyat bo‘yicha 188 ta byudjet muassasasining elektr energiya uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi oqibatida 4 milliard so‘mdan ortiq penya hisoblanib, byudjetdan ortiqcha mablag‘ sarflanishiga sabab bo‘lgan.
Hisobotda qayd etilgan kamchiliklar, yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar yuzasidan viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyev, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari U.Nazarov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullaridan izoh so‘raldi.
Deputatlar hisobotni atroflicha muhokama qilib, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish bo‘yicha rahbarlar mas’uliyatini oshirish, hatto javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdilar.
Kun tartibidagi navbatdagi masala – “O‘zbekiston–2030” strategiyasining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshonqulovning hisoboti tinglandi.
Boshqarma boshlig‘i joriy yilda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yangi muassasalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va “Bir million dasturchi” loyihasi, yoshlarni sportga keng jalb qilish masalalariga to‘xtaldi.
Deputatlar Samarqand tumanida kichik sanoat zonasi, Jomboy tumani “Juriyat” kichik sanoat zonasi negizida esa oziq-ovqat sanoati texnoparki tashkil etish to‘g‘risida qarorlar qabul qildilar.
Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risidagi, “Shirin” massiviya qurilishi munosabati bilan jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish haqidagi masalalar ham keng muhokama etildi.
Issiqlik bilan ta’minlovchi korxonalar tomonidan Samarqand shahri va Nurobod tumanidagi aholiga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflar belgilandi.
Bundan tashqari, sessiyada viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, viloyatda 2025 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastlabki manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.